Lukoil kompaniyasi IUT talabariga grantlar ajratishini ma'lum qildi

O‘zbekiston 17:43 / 02.04.2016 5236

«LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani» MChJ Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) talabalariga grantlar ajratishga tayyor. Bu haqda kompaniya vakili IUTga tashrif davomida ta'kidladi, deb xabar bermoqda universitet matbuot xizmati.

«LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani» MChJning xodimlar bilan va tashkiliy rivojlanish bo‘yicha bosh direktori o‘rinbosari Sergey Starostinskiy 29-mart kuni IUTga tashrif buyurdi va universitet rektori Sherzod Shermatov bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida «LUKOYL» vakili IUT o‘quv dasturi va talabalarga yaratilgan sharoitlar hamda tayyorlov va korporativ kurslar bilan tanishdi.

O‘z o‘rnida Sergey Starostinskiy «LUKOYL»ning O‘zbekistondagi loyiha va rejalari, jumladan, Qandim gazni qayta ishlash kompleksi uchun xodimlar tayyorlash haqida so‘zlab berdi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, talabalarning «LUKOYL» kompaniyasida amaliyot o‘tashlari va kompaniya mutaxassislari tomonidan talabalar uchun ma'ruza o‘qish masalalari ko‘rib chiqildi.

Sergey Starostinskiyning ta'kidlashicha, «LUKOYL» kompaniyasi AKT sohasida mutaxassislar tayyorlash muhimligi va IUTning mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yuqori standartlarini hisobga olib, IUT talabalarini qo‘llab-quvvatlash dasturini ochishni rejalashtirmoqda.

Uchrashuv so‘nggida Sergey Starostinskiy universitet tashriflar kitobiga o‘zining samimiy tilak va istaklarini yozib qoldirdi.

Ko‘proq yangiliklar: