Bokschi Hasanboy Do‘smatov Olimpiada saralash turnirida oltin medalni qo‘lga kiritdi

Sport 16:03 / 01.04.2016 2273

Xitoyning Kuinan shahrida boks bo‘yicha XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun o‘tkazilayotgan Osiyo va Okeaniya qo‘shma lisenzion chempionatida eng yengil vazn toifasida o‘tkazilgan final jangida o‘zbekistonlik Hasanboy Do‘smatov musobaqaning oltin medaliga ham sazovor bo‘ldi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Do‘smatov finalda filippinlik Rogen Ladonni mag‘lubiyatga uchratgan va «Rio-2016» o‘yinlarining yo‘llanmasi bilan birga ushbu musobaqa bosh sovrinini ham o‘ziniki qilib olgan.

Ta'kidlash joizki, filippinlik charm qo‘lqop ustasi ushbu vazn toifasida birinchi raqam ostida, Hasanboy Do‘smatov esa ikkinchi raqam ostida qayd etilgan edi.

Bugun bo‘lib o‘tadigan final bahslarida, shuningdek, Shahobiddin Zoirov (-52 kg) xitoylik Jianguan Xu bilan, Shaxram G‘iyasov (-69 kg) tailandlik Saylom Arde bilan, Elshod Rasulov (-81 kg) esa qozog‘istonlik Adilbek Niyazimbetov bilan oltin medallar uchun ringga ko‘tarilishadi.

2 aprel kuni o‘tkaziladigan final janglarida Yodgoroy Mirzayeva (-51 kg) xitoylik Kankan Ren bilan, Rustam To‘laganov (-91 kg) xitoylik Fengkay Yu bilan va nihoyat Bahodir Jalolov (+91 kg) qozog‘istonlik Ivan Dichko bilan bahs yuritadi.

Ko‘proq yangiliklar: