Yodgoroy Mirzayeva Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik bokschi-qizga aylandi

Sport 15:30 / 31.03.2016 3679

Xitoyning Kuinan shahrida XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun o‘tkazilayotgan Osiyo va Okeaniya qo‘shma lisenzion chempionatida Yodgoroy Mirzayeva -51 kg vazn toifasida Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya Qo‘mitasi axborot xizmati.

Manbaning yozishicha, Mirzayeva yarim finalda Xitoy Taypeyi vakili Lin Yu Tindan 2:1 hisobida ustun kelib, “Rio-2016” o‘yinlariga yo‘llanma olgan. Shu tariqa, Yodgoroy Mirzayeva o‘zbekistonlik xotin-qizlar orasida birinchi bo‘lib boks bo‘yicha Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Biroz avval Hasanboy Do‘smatovni (-49 kg) yarim finalda mo‘g‘ilistonlik Gan-Erden Ganxuyagni 3:0 hisobida mag‘lub etib, hal qiluvchi finalga chiqish bilan birga “Rio-2016” o‘yinlariga yo‘llanma olganligi haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, bugun kunning ikkinchi yarmida yana besh nafar o‘zbekistonlik bokschi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi.

Ko‘proq yangiliklar: