WSJ: Erdo‘g‘on yadro xavfsizligi sammitida Turkiya shuhratini tiklay olmaydi

Jahon 14:28 / 31.03.2016 1030

The Wall Street Journal nashri maqolasida yozilishicha, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onG‘arb bilan munosabatlarini yaxshilash va mamlakati obro‘sini tiklash uchun Vashingtonga tashrif buyurdi.

Maqolada qayd etilishicha, turkiyaliklar yetakchisining Vashingtonga tashrifidan asosiy maqsad rasman yadro xavfsizligiga oid sammitda ishtirok etish bo‘lsada aslida uning vazifalari keng qamrovlidir.

Ayni paytda Turkiya hukumatining kurdlarni ta'qib qilishi OAVini cheklab qo‘yishi va boshqa bir qancha siyosati tufayli G‘arb bilan aloqalari havas qilgudek emas. Vashington Anqarani doim muammolar chiqarib yuruvchi hamkor sifatida ko‘rmoqda, Erdo‘g‘on esa vaziyatni o‘nglashi lozim.

Siyosatchilarning fikricha, turk yetakchisi o‘zining qattiqqo‘l siyosatini oqlashga urinib ko‘radi. Ammo AQShning fikrini o‘zgartirish o‘ta mushkul ish.

WSJ nashrining yozishicha, ayni chog‘da turk OAVi Amerikaga qarshi tashviqot ishlari bilan mashg‘ul. Mahalliy matbuot AQShni Erdo‘g‘onni ag‘darish, Anqara manfaatlarini pisand qilmaslik va hatto Istanbuldagi teraktlarga aloqadorlikda ayblamoqda.

Maqola mualliflarining yozishicha, garchi, Turkiyaning qulay geosiyosiy joylashuvi, Yevropaga nisbatan o‘z shartlarini ilgari surishda Anqaraga qo‘l kelayotgan bo‘lsada, Amerika bilan bunday yo‘l tutish foyda bermaydi. Erdo‘g‘on o‘z siyosatini o‘zgartirmas ekan, Vashington bir paytlar mintaqadagi yirik hamkoriga ko‘z yumishda davom etadi.

Bundan avval, Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest, prezident Barak Obama Erdo‘g‘on bilan uchrashishga imkon topishga harakat qilishini aytgan edi. Oldinroq, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida muloqot bo‘lmasligi xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: