UzReport telekanalida APL o‘yinlari o‘zbek tilida sharhlanishi yo‘lga qo‘yiladi

Sport 18:34 / 31.03.2016 1850

Joriy haftadan boshlab UzReport telekanalida Angliya premer-ligasi o‘yinlari o‘zbek tilida ham sharhlab borilishi boshlanadi. Bu haqda uzreport.uz saytida xabar berilgan.

"Xabaringiz bor, telekanal orqali shanba va yakshanba kunlari APLdan o‘rin olgan bir qator o‘yinlar "jonli" efirda namoyish qilib kelinmoqda.

Telekanal auditoriyasining kengligini va ko‘plab tomoshabinlarning talab va istaklarini inobatga olgan holda, shu haftadan boshlab Premer-liga o‘yinlari o‘zbek tilida ham sharhlanadi.

Jumladan, 2 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00da "Emireyts" stadionida "Arsenal" klubi "Uotford"ga qarshi maydonga tushadi. Mazkur o‘yinni Davron Fayziyev va Yoqubjon Bobojonov birgalikda sharhlab borishadi.

Shu kuni soat 21:30da esa "Enfild" o‘yingohida "Liverpul" klubi "Tottenhem" bilan bahslashadi. Bu uchrashuvni Jasurbek G‘aybullayev va Otabek Jo‘rayev rus tilida sharhlashadi.

3 aprel kuni esa soat 17:30da "Lester" klubi "Sauthempton" bilan kuch sinashadi. Shu kuni kechki soat 20:00da esa "Old Trafford"da "Manchester Yunayted" jamoasi "Everton"ga qarshi o‘yin o‘tkazadi. "Lester" - "Sauthempton"ni G‘aybullayev -Jo‘rayev juftligi sharhlab borsa, "MYu" - "Everton" o‘yinini Fayziyev va Bobojonov sharhlashadi.

Tez orada rus va o‘zbek tilidagi sharhlar borasida sizni yana bir ajoyib syurpriz kutib turibdi. Bu haqida vaqti kelsa ma'lum qilamiz", deyiladi xabarda.

Bundan oldinroq, O‘zMTRKning «Sport» telekanalida faoliyat ko‘rsatib kelgan sharhlovchi Davron Fayziyev UzReport telekanalida ish boshlagani haqida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: