O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi ish boshladi

O‘zbekiston 21:30 / 31.03.2016 3816

2016 yil 31 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi ochildi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev boshqardi.

Senatorlar o‘z ishini «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdan boshladi. Oxirgi yillarda mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq parlamentning davlat hokimiyati tizimidagi rolini oshirishga ko‘maklashgan chora-tadbirlar ko‘rilgani, hokimiyat tarmoqlarini bo‘lish konstitutsiyaviy prinsipini bosqichma-bosqich ro‘yobga chiqarishga, Oliy Majlis, mahalliy hokimiyat vakillik organlari vakolatlari va nazorat funksiyalarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilgani ta'kidlandi.

2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga parlament nazorati institutini konstitutsiyaviy tarzda mustahkamlashga, qonun chiqaruvchi hokimiyatning nazorat funksiyalarini yanada kengaytirish hamda kuchaytirishga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qonun hujjatlari ijro etilishi uchun javobgarligini oshirishga qaratilgan tuzatishlar kiritildi.

Ko‘rib chiqilayotgan qonunning asosiy maqsadi Konstitutsiya va qonunlar talablarining ijro etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning yagona va bir tizimga solingan qonunchilik bazasini yaratishdan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining zimmasiga yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarning, shuningdek, muhim davlat dasturlarining ro‘yobga chiqarilishi yuzasidan ushbu davlat organlari faoliyatining samaradorligini hamda javobgarligini oshirishdan iborat.

Qonunda parlament nazorati sub'yektlari va obektlari belgilab berilgan, uning shakllari mustahkamlangan, parlament nazorati natijalari bo‘yicha ko‘riladigan chora-tadbirlar tartibga solingan.

Jumladan, Oliy Majlis palatalari, palatalar qo‘mitalari (komissiyalari), siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar guruhlari, deputatlar va senatorlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) parlament nazorati sub'yektlari qatoriga kiritilgan.

Parlament nazorati shakllari aniq mustahkamlab qo‘yildi. Qonunda mamlakat davlat byudjyeti ijro etilishini ko‘rib chiqish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ayrim dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotini, hukumat a'zolarining axborotini, Hisob palatasi, Bosh prokuror, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Markaziy bank hisobotlarini eshitish nazarda tutilgan. Parlament so‘rovi, deputat va senator so‘rovi, Oliy Majlis palatalari qo‘mitalari tomonidan qonun hujjatlari ijro etilayotganligini o‘rganish, qabul qilingan qonunlarni ijro etish maqsadida qonunosti hujjatlari qabul qilinishini monitoring qilish, parlament tekshiruvi singari yangi, biroq amaliyotda sinalgan parlament nazorati shakllari mustahkamlab qo‘yilgan.

Majlisda qonunda parlament nazorati natijalari bo‘yicha qabul qilinishi mumkin bo‘lgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarning, shuningdek, parlament nazoratini amalga oshirishda parlament nazorati sub'yektlari va davlat organlari majburiyatlarining mustahkamlab qo‘yilishi muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi hokimiyat tarmoqlarini bo‘lish konstitutsiyaviy prinsipini ro‘yobga chiqarishni davom ettirishda, ular o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimini yaratishda, Oliy Majlisning davlat hokimiyati organlari tizimidagi rolini kuchaytirishda, qonun ustuvorligini, qonuniylikni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda qonunlari ijrosini ta'minlashda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni ijro etish uchun ularning javobgarligini oshirishda muhim omil bo‘ladi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlisning quyi palatasiga kiritilgan «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini (yangi tahriri) ko‘rib chiqdilar. Qonun buxgalteriya hisobini tartibga solish tizimini xalqaro prinsiplar va standartlarga muvofiq takomillashtirishga, buxgalteriya hisobi oshkoraligini oshirishga, buxgalteriya hujjatlarini saqlash muddatlariga aniqlik kiritishga, buxgalteriya hisobi sub'yektlari rahbarlarining hamda buxgalteriya xizmatlari rahbarlarining huquq va majburiyatlarini aniq farqlab qo‘yish orqali ularning javobgarligini oshirishga qaratilganligi ta'kidlandi.

Qonunda buxgalteriya hisobini tashkil etish tizimida uni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish natijasida aniqlangan amaldagi qonun hujjatlaridagi eskirgan normalar va bo‘shliqlar bartaraf etildi. Ayrim normalar milliy qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlarga va xalqaro amaliyotdagi buxgalteriya hisobini rivojlantirish tamoyillariga muvofiqlashtirildi. Xususan, buxgalteriya hisobi xizmatining rahbarlariga, uning malaka ko‘nikmalariga, buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobot tuzishga doir ishlarga, buxgalteriya hujjatlarini saqlash muddatlariga, shuningdek, ushbu sohada tashqi va ichki nazoratni tashkil etishga doir faoliyatga qo‘yiladigan talablar aniq belgilab berildi. Xususiy mulk va tadbirkorlikni keng rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni inobatga olgan holda qonunda kichik korxonalar va mikrofirmalar moliyaviy natijalalar to‘g‘risida buxgalteriya balansidan va hisobotdan iborat bo‘lgan tayyor moliyaviy hisobotni taqdim etishi belgilanmoqda.

Buxgalterlarning jamoat birlashmalarini tuzish imkoniyati to‘g‘risidagi normaning qonunchilik yo‘li bilan mustahkamlanishi, senatorlarning fikricha, buxgalterlarning umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Senatorlarning fikricha, qonunda yangi qoidalarning mustahkamlab qo‘yilishi buxgalteriya hisobini yuritish prinsiplarini, uning maqsadlari va vazifalarini to‘liqroq ochib berishga, ushbu sohada oshkoralik va xavfsizlikni oshirishga, ichki nazorat tizimini mustahkamlashga, buxgalterlarning va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar rahbarlarining kasbiy faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashadi.

Yalpi majlis chog‘ida parlament yuqori palatasi vakillari «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Ushbu qonunning asosiy maqsadi ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va sud-huquq sohalaridagi amaldagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdan iborat.

Ushbu qonun bilan Jinoyat kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga, Fuqarolik kodeksiga, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi, «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi, «Aktsiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Texnik tartibga solish to‘g‘risida»gi, «Yer osti boyliklari to‘g‘risida»gi qonunlarga va bir qator boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartishlar hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, ushbu qonun bilan qulay investitsiya imkoniyatlarini va ishchanlik muhitini yanada yaxshilashga, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 24 aprelda qabul qilingan «Aktsiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonini ijro etish maqsadida «Aktsiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishga, ular faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, qonunda belgilangan tartibga ko‘ra aksiyadorlik jamiyatining ustav kapitali faqatgina qo‘shimcha aksiyalarni chiqarish va joylashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Boz ustiga xususiy aksiyadorlarning kamida uchdan ikki qismining roziligisiz soliqqa oid yoki davlat oldidagi boshqa qarzdorlik hisobiga aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat ulushini shakllantirish yoki oshirish taqiqlanadi.

Mazkur qonun bilan «Yer osti boyliklari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Senatorlarning fikricha, ushbu o‘zgartishlar geologik-tadqiqot ishlarining samaradorligini yanada oshirishga va yer osti boyliklaridan foydalanish sohasida raqobat muhitini yaratishga, shuningdek, respublika mineral xomashyo bazasidan oqilona foydalanish sohasida huquqni qo‘llash amaliyotini yaxshilashga ko‘maklashadi.

Qonunda sud-huquq sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlariga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jisman ishlatib bo‘lingan hamda ma'naviy eskirgan asbob-uskuna va texnologiyalarni olib kirganlik hamda o‘rnatganlik uchun javobgarlikning yanada kuchaytirilishini nazarda tutuvchi tuzatishlar kiritildi. Bu tarmoqlarni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash, iqtisodiyotni isloh qilish bo‘yicha mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning samaradorligini oshirishga, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksport salohiyatini, raqobatbardoshligini yuksaltirishga ko‘maklashadi.

Parvozlar xavfsizligini ta'minlash tartibini, pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Fuqarolik kodeksiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq turar joylarni ijaraga berish, tekinga foydalanishga berish, ulardan maqsadli foydalanilayotganlikni nazorat qilish tartibi takomillashtirildi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar. Mustaqillik yillarida sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha mamlakatda qonun ustuvorligini, qonuniylikni ta'minlashga, fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligi ta'kidlandi.

Qonunchilik bazasini har tomonlama mustahkamlash va qonunlarni so‘zsiz ijro etish, fuqarolarning huquqiy ongini oshirish – demokratik huquqiy davlatni shakllantirish, xususiy mulk va tadbirkorlik rivojlanishini jadallashtirish hamda uning ishonchli himoya qilinishini ta'minlash bo‘yicha bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada kuchaytirishning muhim shartlaridan biridir.

Prokuratura organlari ushbu chora-tadbirlarni samarali bajarishda muhim rol o‘ynaydi. Prokuratura organlarining zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq qonunlarning aniq va bir xilda ijro etilayotganligini nazorat qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish vazifalari yuklatilgan.

Shu bilan birga majlisda ta'kidlanganidek, mamlakatimiz Konstitutsiyasida belgilangan «prokuratura organlarining Oliy Majlis Senati oldida hisobdorligi»ni ta'minlash va ro‘yobga chiqarishda Bosh prokuratura va uning mahalliy organlari faoliyati ustidan parlament nazoratining ta'sirli mexanizmini yo‘lga qo‘yish zarur.

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishdagi ma'ruzasida parlament nazoratini va prokuratura organlari faoliyatining qonuniyligini kuchaytirish zaruratiga alohida urg‘u berilgandi.

Prokuratura organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mamlakatda qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta'minlash bo‘yicha prokuratura organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida joriy yilning 19 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasini tuzish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qo‘shma qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga muvofiq Komissiyaning zimmasiga qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta'minlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilish, prokuratura organlarining huquqni qo‘llash amaliyotini har tomonlama o‘rganish va umumlashtirish, prokuratura organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini va ularning ishlash usullarini yanada takomillashtirish yuzasidan prokuratura organlari faoliyati, ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalar samarali bajarilayotganligi ustidan muntazam parlament nazoratini amalga oshirish vazifalari qo‘yildi.

Qarorda Komissiya a'zolari senatorlar orasidan ularning vakolatlari muddatiga respublikaning barcha mintaqalaridan vakil bo‘lgan o‘n besh kishilik tarkibda Senat tomonidan saylanishi belgilangan.

Shu munosabat bilan batafsil va har tomonlama muhokamadan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tarkibini tuzdilar va tasdiqladilar.

Prokuratura organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, shuningdek, qonun ustvorligini va qonuniylikni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlash, prokuratura organlarining huquqni qo‘llash amaliyotini har tomonlama o‘rganish va umumlashtirish, prokuratura organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini hamda ularning ishlash usullarini yanada takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish bo‘yicha prokuratura organlari zimmasiga yuklatilgan funksiyalarning samarali bajarilishi ustidan muntazam parlament nazoratini amalga oshirish vazifalari Komissiya zimmasiga yuklatildi.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsman) 2015 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar. Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning mansabdor shaxslari tomonidan inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilayotganligi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, bu sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilganligi ta'kidlandi.

Huquqiy madaniyatni oshirish va fuqarorlik jamiyati institutlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qilish hamda sud tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, ularning inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi faoliyati ustidan jamoat nazorati mexanizmini takomillashtirish yuzasidan qator tadbirlar o‘tkazildi.

Ombudsman tomonidan fuqarolarning huquq va erkinliklari buzilayotganligi to‘g‘risidagi murojaatlari ko‘rib chiqilishiga, ularni tiklash bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rishga alohida e'tibor qaratildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan aholi o‘rtasida huquqiy madaniyat va huquqiy savodxonlik oshib borayotganligi qayd etildi.

2015 yilda ombudsman sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va sud-huquq sohalaridagi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator qonunlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etdi. «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi Senat qarorini ro‘yobga chiqarish yuzasidan katta ishlar amalga oshirildi.

Muhokama chog‘ida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qator taklif va tavsiyalar bildirdi.

Shundan so‘ng senatorlar o‘z konstitutsiyaviy vakolatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2015 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdi. Mamlakatimiz davlat byudjyetini ijro etish bo‘yicha ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan parlament nazorati kuchaytirilayotgan bir sharoitda Hisob palatasining professional faoliyat ko‘rsatishi byudjyet mablag‘larining aniq maqsadda va samarali sarflanishini nazorat qilish va ta'minlashning ta'sirli mexanizmlaridan biri ekanligi ta'kidlandi. Hisob palatasining faoliyatini har tomonlama va kompleks tahlil qilish, uning ishlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha senatorlar tomonidan tavsiyalar hamda takliflar ishlab chiqish Oliy Majlis Senatining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Hisob palatasining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 16 yanvarda bo‘lib o‘tgan hamda 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlariga va 2015 yildagi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar asosida amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasining Byudjyet kodeksiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjyetining 2014 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot tashqi auditdan o‘tkazildi va baholandi, O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjyetining, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining hamda 2016 yilga mo‘ljallangan soliq va byudjyet siyosati asosiy yo‘nalishlarining loyihasi ekspertizadan o‘tkazildi. Audit va ekspertizalar natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga Hisob palatasining tegishli xulosalari kiritildi.

Hisobot yilida Hisob palatasi tomonidan mamlakatning 90 ta muassasasida 30 ta nazorat yo‘nalishi bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Mamlakatning ayrim mintaqalarida birgalikda olib borilgan tekshiruvlar natijalari bo‘yicha mahalliy byudjyetlarning daromad bazasini ko‘paytirish va xarajatlarini maqbullashtirish yuzasidan qo‘shimcha zaxiralar belgilab olindi, shuningdek, davlat dasturlarini ro‘yobga chiqarish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga baho berildi.

Nazorat tadbirlari yakunlariga ko‘ra tekshirilgan vazirliklar va idoralar manziliga Hisob palatasining 28 ta ko‘rsatmasi yuborildi. Ushbu ko‘rsatmalar tekshiruv davomida aniqlangan qonun hujjatlari buzilishini bartaraf etishga doir tadbirlar ro‘yxatidan, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishga doir takliflardan iborat. Hisobot davrida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 75,9 milliard so‘m davlat foydasiga undirildi.

Hisobotni muhokama etish chog‘ida senatorlar Hisob palatasining nazorat tadbirlarini kuchaytirish va samaradorligini oshirishga, moliyaviy huquqbuzarliklarni kamaytirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rishga hamda kelajakda ularning oldini olishga qaratilgan o‘z tavsiyalarini berdi. Davlat byudjyeti ijro etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish sohasida Hisob palatasi va Oliy Majlis hamkorligini kuchaytirishga doir takliflar ishlab chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati beshinchi yalpi majlisining birinchi kuni nihoyasiga yetdi.

Ko‘proq yangiliklar: