Obama Moskvani muzokaralarga chorladi

Jahon 12:53 / 31.03.2016 1142

31 mart kuni Vashingtonda ish boshlaydigan Yadro xavfsizligi sammiti arafasida, AQSh prezidenti Barak Obama Rossiyani o‘rta va qisqa masofalarga ucha oladigan raketalar to‘g‘risidagi shartnoma bandlariga to‘liq amal qilishga chaqirdi. Bu haqda Amerika yetakchisi The Washington Post gazetasidagi maqolasida fikr yuritgan.

Unda Obama ushbu shartnoma buzilayotgan holatlarga e'tibor qaratib, Vashington Kreml ma'muriyatini o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishga undashini ta'kidlagan.

Amerika yetakchisi yadro qurollari zaxirasini qisqartirish zarurligini alohida qayd etar ekan, bu borada Rossiya va AQSh o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish taklifini bildirgan.

Obamaning e'tirofiga ko‘ra, Moskva va Vashington strategik hujum qurollarini qisqartirish va cheklash bo‘yicha zimmasidagi majburiyatlarini bajarib kelayotgani bois, 2018 yilda ushbu mamlakatlar ixtiyoridagi jangovar yadrokallaklari soni 1950 yildan beri eng past ko‘rsatkichga yetadi.

2015 yil dekabr oyida, AQSh Rossiya tomonidan o‘rta va qisqa masofalarga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnoma bandlari buzilayotganini ro‘kach qilib, Moskvaga qarshi sanksiyalar tayyorlayotgani oshkor bo‘lgandi.

Umuman, so‘nggi yillarda Rossiya va AQSh mazkur shartnoma bandlarini buzishda, bir-birini ayblab keladi. Vashington, “Iskander-M” yerusti majmuasining R-500 qanotli raketasi hamda yangi strategik RS-26 («Rubej») raketasiga nisbatan o‘z da'volarini ilgari surmoqda.

Moskva tomoni esa 1990 yillar oxiridan boshlab, AQShda raketalarga qarshi mudofaa tizimi uchun nishon raketalar ishlab chiqarilayotganidan qayg‘urmoqda. Rossiyaning fikricha, bu uskunalar aslida jangovar qurol o‘rnatilmagan to‘laqonli raketalardir. Shuningdek, Ruminiyada Tomahawk raketalarini uchirish imkonini beruvchi Standard SM-3 majmualarining o‘rnatilishi Moskva xavotiriga sabab bo‘lmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: