Forbes Ukrainaning eng badavlat odamlari nomini ma'lum qildi

Jahon 22:45 / 31.03.2016 1215

Forbes jurnalining Ukrainada chop etiluvchi nashri Ukrainaning eng badavlat odamlari reytingini tuzib chiqdi. Bu reytingning yetakchisi avvalgidek Rinat Axmetov bo‘lib qolmoqda, uning 2015 yildagi boyligi 2 barobarga – 4,6 mlrd dollardan 2,3 mlrd dollargacha kamayib ketgan. Nashrning ta'kidlashicha, bunga Donbassdagi urush emas, balki xom ashyolarga, jumladan temir rudasi va metallarga narxlarning qulashi asosiy sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, Axmetov imperiyasi katta miqdorda kredit olgan, bu ham oligarxning davlatiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

2-o‘rinni Dnepropetrovsk viloyatining sobiq gubernatori Igor Kolomoyskiy egalladi, uning davlati bir yil davomida 100 mln dollarga kamayib, 1,3 mlrd dollarni tashkil qilgan. Nashrning ta'kidlashicha, Kolomoyskiyning davlatiga uning gubernator lavozimidan ketishi hamda "Ukrnafta"dagi mojaro ta'sir ko‘rsatgan.

3-o‘rinni Kolomoyskiyning "Privat" guruhi bo‘yicha hamkori Gennadiy Bogolyubov egallamoqda. Uning 2015 yildagi boyligi o‘zgarishsiz – 1,3 mlrd dollarligicha qolgan.

Ukraina boylarining yetakchi beshtaligiga shuningdek Viktor Pinchuk va Yuriy Kosyuk ham kiritildi. Asosiy aktivlari metallurgiya va mediavositalarga to‘g‘ri keluvchi Pinchukning 2015 yil natijalariga ko‘ra boyligi 1,2 mlrd dollarni tashkil qildi. "Mironovskiy xleboprodukt" kompanisi prezidenti va boshqaruv raisi Kosyukning boyligi esa 1 mlrd dollarga baholangan.

Avvalroq Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko 2015 yil davomida o‘z boyligini 100 mln dollarga ko‘paytirgani ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: