Boks orqali olinadigan 5 saboq

Sport 23:01 / 31.03.2016 1656
Jasurlik, halollik, tirishqoqlik va mehnatsevarlik – har qanday professional bokschini boshqalardan aynan mana shu jihatlar ajratib turadi. Boks ham xuddi shaxmat kabi fikrlash qobiliyati va xotirani kuchaytiradi. Aqlli strategiya va tinimsiz mashqlar orqali yuzaga keladigan taktikasiz ringda hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Yaxshi bokschi raqibining harakatini soniyalar ichida “o‘qiy” oladi va puxta o‘ylangan harakatini amalga oshiradi. Boks — haqiqiy hayot maktabi va u beradigan quyidagi beshta saboq har bir kishiga kerak.
 
Rostgo‘y bo‘lish

 
Boks o‘z xato va kamchiliklarini tan olishni o‘rgatadi, bundan boshqa iloj yo‘q. Ringga yolg‘on fikrlar bilan ko‘tarilish mag‘lubiyat demakdir. Bokschi muntazam ravishda o‘zining kuchsiz tomonlarini anglab boradi. Oddiy hayotga tatbiq etadigan bo‘lsak, boks insonni rostgo‘ylikka o‘rgatadi. 
 
Jasur bo‘lish

 
Ringga chiqish kishidan jasorat talab qiladi. Ringda aql bilan harakat qilish, vaziyatdan unumli foydalanish sportchining mahorati yuqori ekanligini bildiradi. Hayotda qabul qiladigan har bir qarorimiz ham jasurlikni talab qiladi. Insonga jasurlik beradigan eng yaxshi manba esa boksdir.
 
Doimo olg‘a yurish

 
Eng yaxshi strategiya — bu hujum. Raqib ustidan bosim o‘tkazish, uni nafaqat zarbalar bilan, balki o‘z salobati bilan ham cho‘chitish g‘alabaga olib keladigan qadamlardan biridir. Hayotda ham ko‘p muammolar shu tarzda hal qilinadi. Olg‘a bora oladigan, o‘ziga ishongan kishilargina g‘alaba qozonishadi.
 
Nokautdan so‘ng o‘rnidan turish

 
Har qanday bokschi raqib qo‘lqopining zarbasi qanday ekanligini va kutilmagan zarba qanchalik og‘riqli ekanligini yaxshi biladi. Hech qachon yutqazmaganlar emas, kuchli zarbadan keyin ham o‘rnidan tura olganlar g‘olib bo‘lishadi. Bu xususiyat oddiy hayotda ham asqotadi: muvaffaqiyatsizlik va inqirozlardan to‘xtab qolmaslik lozim, chunki ulardan keyin albatta yangi start boshlanadi.
 
G‘alaba qozonish

 
Boks insonga hayotdagi eng muhim narsani o‘rgatadi. Boks g‘alaba qozonishni o‘rgatadi. Bu so‘zlarni tom ma'noda qabul qilmaslik kerak — ish yuzasidan muzokaralarda raqibni nokautga uchratish shart emas. Faqat o‘z kuchingizga ishonch bo‘lishi darkor. Raqibingizning nimalarni his qilayotganini tushuna olish va shunga mos ravishda harakat qila bilish qobiliyati sizning muvaffaqiyatingiz garovi bo‘ladi.
 
Ko‘proq yangiliklar: