Xitoyda boks bo‘yicha Olimpiada yo‘llanmalari uchun saralash musobaqasi boshlandi

Sport 15:10 / 28.03.2016 1580

Xitoyning Kuinan shahrida boks bo‘yicha XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun Osiyo va Okeaniya qo‘shma lisenzion chempionati boshlandi.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, dastlabki kun bo‘lib o‘tgan musobaqalarda hamyurtlarimizdan Yodgoroy Mirzayeva (-51 kg) g‘alaba qozondi. U indoneziyalik Biatriks Suguroga qarshi o‘tkazib 2:0 hisobida zafar quchdi. Endi Yodgoroy chorak finalda Ri Xuang Mi (KXDR) bilan bahs yuritadi. Shimoliy Koreyalik sportchi ushbu vazn toifasida uchinchi raqam ostida saralangan bo‘lib, dastlabki bosqichda v'yetnamlik bokschini mag‘lub etgan edi.

Birinchi kungi bahslarda ringga chiqqan qolgan ikki nafar bokschi Maftuna Meliyeva (-60 kg) va Nafisaxon Asqarova (-75 kg) raqiblariga imkoniyatni boy berishdi. Maftunaxon Meliyeva Tailand vakilasiga mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, Nafisaxon Asqarova v'yetnamlik Chung Ngo qarshiligini yenga olmadi.

O‘z vazn toifalarida birinchi va ikkinchi raqam ostida saralangan hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi bosqichdan bahslarga kirishadigan Hasanboy Do‘smatov (-49 kg), Shahobiddin Zoirov (-52 kg), Shaxram G‘iyosov (-69 kg) va Elshod Rasulov (-81 kg) bugun ringga chiqadilar. Og‘ir vazndagi charm qo‘lqop ustalarimiz Rustam To‘laganov (-91 kg) hamda Bahodir Jalolov ham bahslarga chorak finaldan kirishadi. Ushbu vaznda chorak final janglari 29 mart kuniga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo va Okeaniya qo‘shma chempionatida har bir vazn toifasida 1-3 o‘rinlarni egallagan sportchilar “Rio-2016” o‘yinlarining yo‘llanmasiga ega bo‘ladilar.

Ma'lumot uchun, boks bo‘yicha XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari, shuningdek, 13-22 may kunlari Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida ayollar o‘rtasida o‘tkaziladigan Jahon chempionatida, 19-27 may kunlari Astana shahri (Qozog‘iston)da bo‘lib o‘tadigan lisenzion musobaqa hamda 7-19 iyun kunlari Boku shahri (Ozarbayjon)da o‘tkaziladigan Jahon lisenzion turnirida o‘ynaladi.

Ko‘proq yangiliklar: