Shassisiz yerga muvaffaqiyatli qo‘na olgan 8ta samolyot

Jahon 16:13 / 28.03.2016 3576

27 mart kuni Ostonada Qizilo‘rdadan kelayotgan havo layneri favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Uchuvchilar, samolyotni old shassi (g‘ildiraklar) ochilmagan holatda qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lishdi. Ma'lum bo‘lishicha, bu hodisa parvozlar tarixida birinchisi emas.

"Otkrytaya Aziya onlayn" portali ushbu voqeaga o‘xshash 8ta hodisa ro‘yxatini tuzib chiqdi. Demak, uchuvchilarning jasorati bilan tanishamiz:

1. Ostonada old shassisi ochilmagan samolyotning qo‘nishi
Bek Air aviakompaniyasining “Fokker-100” samolyoti "Qizil O‘rda - Ostona" yo‘nalishi bo‘ylab parvozi so‘nggida Ostona aeroportiga qo‘ndi. Uning bortida 116 yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a'zosi bor edi. Ularning barchasi sog‘-salomat.

2. Bahama orollaridagi qo‘nish
2016 yil 25 mart kuni Amerikaning arzon aviakompaniyasiga qarashli JetBlue Embraer-190 samolyoti Bahama orollari poytaxti Nassau aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘ndi. Uchuvchilar qo‘nishdan avval, samolyot old shassisida nosozlik borligini aytishgan. Samolyotda bo‘lgan 93 yo‘lovchi va ekipajning 4 nafar a'zosidan hech kim jabrlanmagan.

3. Dvigateli ishdan chiqqan va shassisi yonayotgan rus samolyotining Dominikanda qo‘ndirilishi
«Orenburgskiye avialinii» kompaniyasining Moskvaga parvoz qilayotgan “Boing-777” havo layneri 2016 yil 10 fevralida Dominikan respublikasida favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan. Punta-Kana aeroportidan endigina uchgan samolyotning 5 km balandlikka ko‘tarilganda motori ishdan chiqqan. Boeing qo‘nayotgan chog‘da uning shassisidan deyarli asar ham qolmagandi. Samolyot bortidagi 346 yo‘lovchi va ekipaj a'zolari tirik qoldi.

4. Los-Anjyelesdagi voqea
2015 yil 11 martida Kaliforniyaning Monterey va Los-Anjyeles shaharlari o‘rtasida parvoz qilayotgan SkyWest Airlines kompaniyasiga qarashli Bombardier SRJ200 rusumli havo laynerining shassisi manzilga bir necha daqiqa qolganda ishdan chiqqan. Havo kemasi komandirining mohirligi aviahalokatning oldini olishga sabab bo‘ldi. Undagi 40 yulovchi va 3 ekipaj a'zosiga hech narsa qilmadi.

5. Varshava aeroportidagi favqulodda hodisa
2011 yil 1 noyabr kuni Polshaning LOT aviakompaniyasiga tegishli Boeing 767 samolyoti Varshava aeroportiga ishlamagan shassi bilan qo‘na oldi. Unda Amerikaning Nyuark shahridan 230 kishi uchib kelayotgan edi. Uchuvchilar qo‘nishdan avval, samolyot bakidagi yoqilg‘ini sarf etish maqsadida bir necha marotaba aeroport ustida aylangan.

6. Tehronda ham ayni holat yuz bergan
2011 yil 8 oktabr kuni IranAir kompaniyasining “Boing-727” samolyoti Moskvadan Tehronga parvozi so‘nggida old shassisi ishdan chiqdi. O‘shanda, eronlik uchuvchi yirik aviahalokatning oldini olishning uddasidan chiqib, 113 nafar yo‘lovchining joniga oro kirdi.
7. Rossiyada energiya manbasidan mahrum bo‘lgan samolyotning omadi
2010 yil 7 sentabrida “Alros” aviakompaniyasining Tu-154 havo kemasi Udachniy shahridan Moskvaning «Domodedovo» aeroportiga yo‘l olganda kutilmagan hodisa ro‘y berdi. Uning bortida 9 nafar ekipaj a'zosi va 72 kishi bo‘lgan. 10 km balandlikda uchayotgan samolyot kutilmaganda elektr energiyasidan mahrum bo‘ldi, navigatsiya tizimi, aloqa va havo nasoslari ishlamay qoldi. Yoqilg‘i esa atigi 30 daqiqaga yetar edi. Zaxira generatorini ishga tushirishga bo‘lgan urinish ham ish bermadi. Shundan so‘ng, uchuvchilar samolyotni qo‘ndirish uchun munosib joy qidira boshlagan. Voqeada hech kim jabrlanmagan.

8. SMS tufayli amalga oshirilgan favqulodda qo‘nish
2010 yil 27 may kuni Jetstar aviakompaniyasining Airbus A320 havo layneri shassisi vaqtida ochilmagani tufayli Singapur aeroportiga favqulodda qo‘nishiga bir baxya qolgandi. Uchuvchilar yerga 150 metr qolganida shassini ochib olish uchun yana bir aylanishga ko‘tarilgan. Bu voqea oqibatida ham hech kim jabr ko‘rmagan. O‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, shassining ochilmay qolishiga ekipaj komandirining telefoniga bir necha qisqa xabarlar kelishi sabab bo‘lgan. Komandir telefonga chalg‘igani tufayli ikkinchi uchuvchining javobini va dispetcherlik xizmati ko‘rsatmalarini eshitmagan.

Ko‘proq yangiliklar: