Samvel Babayan: Yangi futbolchilarni sinab ko‘rish uchun imkoniyat bo‘lmayapti

Sport 14:53 / 28.03.2016 2019

O‘zbekiston-Bahrayn uchrashuvi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan va hujumchi Marat Bikmayev ishtirok etdi.

- Raqib bosh murabbiyi ertaga tajovvuzkor o‘yin namoyish etishini aytib o‘tdi. Bahraynni yetarlicha o‘rganganmisiz?

- Biz har doim raqibni juda yaxshi o‘rganib boramiz. Futbolchilarimiz maydonga chiqishar ekan, kimga qarshi o‘ynashlarini yaxshi bilishlari kerak. Bahrayn ham istisno emas. Albatta safarda kechgan o‘yinni yaxshilab ko‘rib chiqqanmiz. Raqib yaxshi jamoaga ega. Ertaga jiddiy o‘yin bo‘ladi. Bahraynda juda kuchli murabbiy va futbolchilar bor. O‘yin tashkil etishda yaxshi ishlashmoqda. Ayniqsa safar o‘yinlarida Bahrayn yaxshi natija qayd etmoqda.

- Oxirgi vaqtlarda terma jamoalarimiz va klublarimiz o‘z maydonida yaxshi o‘ynay olmayapti. Bunga sabab nimada, deb o‘ylaysiz?

- Hozir hech bir jamoa o‘yindan avval aniq g‘alaba qozonishini ayta olmaydi. Eng favorit jamoa ham autsayderga qarshi o‘ylanib maydonga tushadi. O‘z maydonimizda esa bosim ham kuchli. Bahrayndagi o‘yinga kelsak, u tarixda qoldi. Raqib kim bo‘lishidan qat'i nazar, o‘yinga yaxshi tayyorlanish kerak.

- Jamoada jarohat olganlar yo‘qmi?

- Afsuski, Islom To‘xtaxo‘jayev ertaga o‘ynay olmasa kerak. U garchi avvalgi o‘yinni oxiriga qadar o‘tkazgan bo‘lsada, jiddiy jarohat olgan ko‘rinadi.

- Ertaga Filippinga qaraganda boshlang‘ich tarkibda o‘zgarish bo‘ladimi? Bahraynga qarshi hujumkor o‘yin namoyish qilinadimi?

- Hech bir jamoa maydonga 1:0 yoki 5:0 hisobida g‘alaba qozonish uchun tushmaydi. Bizning falsafamiz - hujumkor o‘yin namoyish qilish va boshqacha o‘ynash niyatimiz yo‘q. Tarkib borasida esa Islom maydonga tusha olmasligini aytdim. Boshqa tomonlama katta o‘zgarishlar bo‘lmasa kerak.

- Vaziyat shundayki, o‘yin boshlanishiga 3 soat qolganida keyingi bosqichga chiqqanimiz aniq bo‘lib qolgan bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lgan holatda tarkibda o‘zgarishlar bo‘ladimi?

-Hozircha bu haqida aniq bir gap ayta olmayman. Sariq kartochkalarga kelsak, bu yerga kelayotganda yaxshi xabar eshitdim - keyingi bosqich oldidan ogohlantirishlar bekor qilinishi mumkin ekan. Ammo hozircha bu aniq gap emas.

- Keyingi bosqichda bizni juda kuchli jamoalar kutib turibdi. Orada biroz vaqt bor. Shundan foydalanib qayerdadir murabbiylik malakangizni oshirib qaytish niyatingiz yo‘qmi?

- Hozircha biz keyingi bosqichga chiqmadik. Murabbiylik malakamga kelsak, har doim uni oshirib borishga harakat qilaman. Shunchaki bu haqida ko‘p gapiravermayman.


- Ertaga juda og‘ir kutib turganini aytdingiz. Qaysi ma'noda og‘ir bo‘lishini aytib o‘tsangiz.

- Terma jamoaning har bir o‘yini alohida tarix, alohida tayyorgarlik degani. U o‘rtoqlik o‘yini bo‘ladimi yoki rasmiy, mas'uliyat har doim yuqori bo‘ladi. Shunday ekan, oson o‘yinning o‘zi bo‘lmaydi. Ochig‘ini aytsam, hatto Filippin va Bahreynga qarshi kechgan va bizning yirik hisobdagi g‘alabalarimiz bilan yakunlangan uchrashuvlar ham oson o‘tmagan edi. Biz mas'uliyatni juda yaxshi his qilamiz. Terma jamoa maydonga tushganda shunchaki, o‘tkinchi o‘yin bo‘lishi mumkin emas. Ana qarang, Yaponiya Afg‘onistonni 2:0 hisobidagina yengdi. Ular oson g‘alaba qozonganlari yo‘q. Hozir autsayder jamoaning o‘zi qolmayapti.

- Biz odatda Bahraynga mag‘lub bo‘lganmiz. Ammo raqib hozir ancha kuchsizlanib qolgan. Jamoa ichida shu munosabat bilan qandaydir bosim bormi?

- Bahraynda kechgan o‘yin oldidan ham shunday savol berilgandi. Qandaydir noxush an'ana haqida gapirishgandi. Ammo har qanday an'ana ham yakuniga yetadi va buni biz isbotlay olganmiz.

- Geynrix ertaga ertaroq maydonga tushiriladimi?

- Geynrix bilan bog‘liq o‘ylab qo‘ygan uslublarimiz bor va lozim bo‘lgan taqdirda u maydonga tushadi. U hozir juda yaxshi holatda va bizga yordam bera oladi.

- Filippin bilan bo‘lgan o‘yindan so‘ng "Bunyodkor" stadioni omadsizligi haqida gap so‘zlar paydo bo‘ldi. Bunga qanday qaraysiz?

- "Bunyodkor" stadioni - o‘zbek futboli tarixidagi eng muhtasham inshoot. "Jar"da ham, "Paxtakor"da ham O‘zbekiston terma jamoasi mag‘lubiyatga uchragan vaqtlar bo‘lgan. Dunyoda hech qanday stadion yo‘qki, mamlakat terma jamoasi unda mag‘lubiyatga uchramagan bo‘lsa. "Bunyodkor" - yurtimizdagi eng asosiy stadion va aynan shu yerda yirik g‘alabalarga erishishni niyat qilganmiz.

- Nima uchun faqat bir xil uslub va futbolchilardan foydalanmoqdasiz? 15-16 nafar futbolchidan boshqasidan foydalanmayapsiz. Masalan Sergeyev har doim oxirigacha o‘ynamoqda.

- Men uchun o‘yin natijasi ahamiyatliroq. Maydonga tushgan futbolchilar bu ishni uddalay olishlariga ishonaman. Kim o‘ynamasin, o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajara oladi. Terma jamoaga kelganimdan buyon besh nafat yangi futbolchi ilk bora maydonga tushdi. Albatta bu juda og‘riqli savol, hatto legionerlar yordamidan ham foydalana olmayapmiz.

Afsuski ulardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lganimizcha yo‘q. Buning uchun imkoniyat bo‘lmayapti. Ularni maydonga tushirib, sinab ko‘rishimiz kerak. Bugungi kunda esa aniq ishonchga ega bo‘lgan futbolchilar maydonga tushmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston-Bahrayn uchrashuvi 29 mart kuni Toshkentdagi "Bunyodkor" stadionida soat 18:00 da boshlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: