“Oltin qalam” XI Milliy mukofoti uchun ijodiy ishlar qabul qilish davom etmoqda

O‘zbekiston 16:10 / 28.03.2016 3179

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi bilan hamkorlikda milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirish, OAV xodimlari fuqarolik pozitsiyalarini namoyon etishlari uchun sharoit yaratish hamda jurnalistlarda tanqidiy fikrlashni va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish maqsadida “Oltin qalam” XI Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni o‘tkazadi.

3-may – Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlangan bu tanlovga 2015 yilning 31 martidan 2016 yilning 31 martigacha – bir yil davomida gazeta va jurnallarda chop etilgan, radio orqali efirga uzatilgan hamda televideniyeda ko‘rsatilgan va internet nashrlarida berilgan materiallar 2016 yilning 10 apreligacha qabul qilinadi.

Tanlov g‘oliblari uchun quyidagi mukofotlar ta'sis etilgan:

Jurnalistika sohasida bosh milliy mukofot.

G‘olib maxsus diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining 200 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Asosiy mukofotlar:

Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (televideniye – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (radio – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (bosma OAV – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (internet-jurnalistika – 1-, 2-, 3-o‘rinlar).

Birinchi o‘rinni olgan g‘oliblar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 160 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Ikkinchi o‘rinni olgan g‘oliblar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 140 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Uchinchi o‘rinni olgan g‘oliblar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 120 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

Rag‘batlantiruvchi mukofotlar uchun nominatsiyalar:

eng yaxshi fotoreportaj;
eng yaxshi matbuot xizmati.
Mazkur nominatsiyalar g‘oliblari diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va eng kam ish haqining 50 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

“Oltin qalam” tanlovi g‘oliblarini mukofotlash, shuningdek, uni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa insitutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi.

Shuningdek, tanlovda respublikamizdagi bir qator jamoat tashkilotlari hamda xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari quyidagi rag‘batlantiruvchi nominatsiyalarda o‘z mukofotlarini ta'sis etganlar:

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi – “Ommaviy axborot vositalarida xotin-qizlar faoliyati yoritilgan eng yaxshi materiallar uchun”.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi – 2 ta nominatsiya:
a) “Sog‘lom ona va bola yili” mavzuidagi eng yaxshi material uchun”.
b) “Ijtimoiy sheriklik mavzuidagi eng yaxshi material uchun”.

3. O‘zbekiston Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi – 2 ta nominatsiya:
a) “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi ijrosini keng va samarali yoritgani uchun”.
b) “Eng yaxshi tahliliy-tanqidiy material uchun”.

YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi – “Orol dengizi hududining barqaror rivojlanishida xotin-qizlarning roli”.

BMTning Axborot ofisi – “Eng yaxshi yoshlar internet nashri”

“Hududiy muloqot” (Sloveniya) – “Qonun ustuvorligi yoritilgan eng yaxshi materiallar uchun”.

YuSAIDning O‘zbekistonda sil kasalligiga qarshi kurash bo‘yicha dasturi – “Sil kasalligiga qarshi kurash masalalari yoritilgan eng yaxshi materiallar uchun”.

Germaniya Xalq universitetlari DVV International xalqaro asotsiatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi – “Kattalarni o‘qitish va ta'lim berish sohasida OAVdagi eng yaxshi material uchun”.

Tanlov shartlari:

Tanlovga tele-, radio-, bosma materiallar hamda internet nashrlarida e'lon qilingan ishlar taqdim etiladi (5 tadan kam bo‘lmasligi kerak).
Televideniye bo‘yicha videomateriallar, axborot tashuvchi vositaning qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat'i nazar, 3 daqiqadan 30 daqiqagacha bo‘lishi kerak.

Radioeshittirishlar (CD, DVD diskda) 5 daqiqadan 30 daqiqagacha bo‘lishi kerak.
Matbuot va internet materiallari asl nusxada yoki ko‘chirma nusxada taqdim etilishi lozim.
Tanlovga yuborilgan materiallarga quyidagilar ilova qilinishi lozim:
Muallif haqida ma'lumotnoma (obektivka);
muallifning turar joyi, uy va ish telefonlari;
pasport nusxasi.

Tanlov g‘oliblarini tantanali mukofotlash marosimi 2016 yil 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni “Turkiston” saroyida o‘tkaziladi.
Mukofot bir shaxsga takroran berilmaydi.

Materiallar “Oltin qalam” tanloviga deb ko‘rsatilgan holda quyidagi manzilga yuborilishi lozim:
100129, Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 30-uy
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, 3-qavat.
Telefonlar: 244-64-61; 244-37-87
www.journalist.uz

Ko‘proq yangiliklar: