Kelib chiqishiga ko‘ra, Belgiyaning Antverpen shahridan bo‘lgan, ayni vaqtda IShID jangarisi hisoblanadigan Hisham Shaib Belgiya va Yevropaning boshqa hududlarida navbatdagi qonli teraktlar amalga oshirilishiga va'da qildi. Bu haqda VRT telekanali orqali xabar berilgan.
Shaib internetda o‘z qurbonini otib tashlagani tasvirlangan videoni joylashtirgan. U niderland tilida Belgiya xalqi, Belgiya hukumati va Yevropa davlatlari hamda IShIDga qarshi kurashayotgan xalqaro koalitsiya a'zolariga murojaat qilib, tahdid solgan.
2015 yilning fevralida Hisham Shaib terroristik Sharia4Belgium guruhi ("Belgiya uchun shariat") a'zosi sifatida Antverpen sudi tomonidan sirtdan 15 yilga hukm qilingandi.
Bundan oldinroq, AQSh Davlat departamenti IShID tomonidan Yevropada yangi teraktlar amalga oshirilishi xavfi mavjudligidan ogohlantirgandi.
22 mart, seshanba kuni Belgiya poytaxtining aeroporti va metrosida qator portlashlar sodir etildi. Natijada, so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 36 kishi halok bo‘ldi, 230 kishi jarohat oldi.