Poytaxtimizda “Millatlararo totuvlik – barqarorlik omili” mavzuida o‘tkazilgan tadbirda shular haqida so‘z bordi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi direktori N.Muhammadiyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti, O‘rta Osiyo mitropolit okrugi rahbari Vikentiy va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik muhiti qaror topgani va bu taraqqiyotimizda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta'kidladi.
Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat vakillari ahil-inoq yashab, jamiyat hayotini ravnaq toptirish yo‘lida samarali mehnat qilayotir. Qariyb 140 milliy-madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tadbirda O‘zbekistondagi millatlararo ahillik, do‘stlik va bag‘rikenglik muhiti insonga eng oliy qadriyat deb qarash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Vatanimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘layotgani ta'kidlandi. Turli tillarda kuylangan qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbir doirasida milliy-madaniy markazlar tomonidan millatlararo totuvlik muhitini aks ettirgan bosma nashrlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.