O‘zbekiston davlat xizmatchilari Germaniyada malaka oshiradi

O‘zbekiston 11:48 / 14.11.2024 1768

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad Bavariya davlat boshqaruvi maktabi, Xanns Zaydel jamg‘armasi va boshqa qator boshqaruv kadrlarni tayyorlashga mas’ul muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda O‘zbekiston davlat xizmatchilarining Germaniyada malakasini oshirishlarini tashkil etishdan iborat.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari safar davomida Bavariya davlat boshqaruvi maktabi direktori Xans-Kristian Vittxauyer bilan uchrashuv o‘tkazishdi. Unda ikki tomonlama akademik aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

So‘nggi uch o‘quv yilida Davlat boshqaruvi akademiyasi va Bavariya davlat boshqaruvi maktabi hamkorligida tashkil etilgan 20 ga yaqin onlayn va offlayn o‘quv dasturlarida 1000 ga yaqin mamlakat davlat xizmatchilari ishtirok etib, o‘zlarining boshqaruvga oid bilimlarini Germaniya tajribasi asosida oshirdi.

Bavariya davlat boshqaruvi maktabi o‘quv ishlari prorektori Raymund Xelfrix bilan kechgan muloqot chog‘ida esa "Hokimlikka tayyorlash maktabi" bitiruvchilari stajirovkasi masalasi, shuningdek, mazkur dasturni 2025 yilda yanada takomillashtirish masalalari xususida fikr almashildi.

Davlat boshqaruvi akademiyasi delegatsiyasi, shuningdek, Xanns Zaydel jamg‘armasining Xalqaro hamkorlik instituti direktori doktor Suzanna Lyuter bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda 2025 yil fevral oyida Akademiya tinglovchilarining Myunxenda stajirovkasini moliyalashtirish imkoniyatlari va "Hokimlikka tayyorlash dasturi"ni 2025-2026 yillarda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Xanns Zaydel jamg‘arma "Demokratiya, tinchlik va taraqqiyot himoyasida" shiori ostida o‘z faoliyatini dunyo bo‘ylab olib boradi. Davlat boshqaruvi akademiyasi va Xanns-Zaydel jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari 2019 yilda yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik faoliyatidagi asosiy e’tibor davlat boshqaruviga ixtisoslashgan kadrlarni tayyorlash, davlat xizmatchilari kasbiy kompetensiyalarini oshirish, malaka oshirish va stajirovka o‘tashini tashkil etishga qaratilgan.

Ko‘proq yangiliklar: