Yangi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rayotgan «Dinamo» jamoasi murabbiylar shtabida o‘zgarish yuz berdi.
Samarqand viloyati futbol federatsiyasi prezidenti taklifiga binoan, «Dinamo» klubi bosh murabbiyi etib Ilhom Sharipov tayinlandi. «Dinamo»dagi futbolchilik faoliyati bilan samarqandlik muxlislar mehrini qozona olgan sobiq futbolchi O‘zbekiston terma jamoasi safida 1994 yilgi Osiyo chempioni sanaladi. 48 yoshli mahalliy mutaxassis bungacha «Paxtakor» klubida seleksioner-murabbiy sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Klub rahbariyati tomonidan Ilhom Sharipov oldiga joriy mavsum yakunlariga ko‘ra, jamoani Oliy Liga olib chiqish va keyingi yildan Samarqandda barqaror va kurashuvchan jamoani yaratish vazifasi yuklandi. Sharipov klubda bosh menejyer sifatida ham faoliyat yuritib, jamoada mahalliy yosh futbolchilar yetishib chiqishiga alohida e'tibor berishi tayinlandi. Murabbiylar shtabida unga yana ikki mahalliy yosh mutaxassis Uchqun Qobilov va Rafael Balasanyanlar yordam berishadi.
Futbolchi sifatida bir qator yutuqlarga erishib, yurtimiz futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Ilhom Sharipovga boshlayotgan murabbiylik faoliyatida ham omad va zafarlar tilab, nafaqat Samarqand, balki o‘zbek futboli rivoji uchun ham xizmat qilishini tilab qolamiz.
Manba: fcdinamo.uz