Ellikqal'ada Navro‘z tantanalari bo‘lib o‘tdi

Jamiyat 18:48 / 19.03.2016 2262

Navro‘z bayrami nafaqat tabiatning yasharishi, balki inson qalbi, ruhiyati va tafakkurining yangilanishidir. Navro‘z shunchaki bayram emas, u millat tarixi, falsafasi, san'ati, madaniyati, ilmiy tafakkur tarzini mujassam etgan eng muqaddas qomusiy ayyom ekanligi mustaqilligimiz sharofati bilan yana tiklandi. Xalqimiz tinch va osuda zamonimizda yana Navro‘z ayyomini ko‘taringki ruhda, milliy qadriyatlarimizga yo‘g‘rilgan kuy-qo‘shiqlar, tantanalar, bilan qarshi olmoqda. Muhtaram yurtboshimiz Islom Karimov ta'kidlaganlaridek: “Navro‘z xalqimizning yuragini va yorug‘ tuyg‘ularini, o‘lmas ruhi va ma'naviyatini o‘zida namoyon etadigan eng qadimiy, eng ardoqli milliy bayramimizdir.”

Yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Ellikqal'a tumanida ham Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan asosiy bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi. Erta tongdan aholi ehtiyoji uchun zarur savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan 15 dan ortiq yangi obektlar foydalanishga topshirilishi tuman aholisi uchun bayram sovg‘asi bo‘ldi. Kapital ta'mir asosida yangidan foydalanishga topshirilgan “Diydor” tantanalar uyida esa qo‘shni viloyatlar va tumanlardan kelgan mehmonlar, madaniyat va san'at ustalari, nuroniylar, tumandagi tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlari va tumanning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol fuqarolari uchun bayram dasturxoni tortiq qilindi.

Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan asosiy bayram dasturi tuman markazi Bo‘ston shaxridagi amfiteatrda bo‘lib o‘tdi. Jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan bu yilgi bayram tadbirlari har yilgidan ko‘ra o‘zgacha, ko‘taringki ruhda nishonlandi.

Bayram tadbirlarida tuman madaniyat va sport ishlari bo‘limi honandalari, Nukus shaxridan tashrif buyurgan san'akorlarning Vatanimiz, tinchligimizni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari, milliy-falklor ijod na'munalari, yosh sportchilarning badiy va ko‘rgazmali chiqishlari bayram tantanalariga yanada ko‘rk bag‘ishladi.

Bir so‘z bilan aytganda sharqona yangi yil, tabiat uyg‘onishining ramzi, ezgulikka talpinish, yaxshi kunlar umidi, serqatlam tarix yo‘lini bosib kelayotgan xalq qalbini sevinch va g‘ussalari bilan to‘yingan ishonch va e'tiqodning sadolari jam bo‘lgan yangi kun – Navro‘z ayyomi barcha Ellikqal'aliklarni yil davomida yangi marralar va rivojlanishlar sari yetaklaydi.

 

Ko‘proq yangiliklar: