Coca-Cola kompaniyasi keyingi 4 yil davomida O‘zbekistondagi zavodlarini rivojlantirish maqsadida 35 mln dollardan ortiq investitsiya kiritishni rejalashtirgan. Bu haqda Sputnik agentligi o‘z manbasiga asoslanib xabar tarqatgan.
Bugungi kunda amerikalik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda O‘zbekistonning Toshkent, Urganch va Namangan shaharlarida Coca-Cola zavodlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu zavodlarda turli qadoqlardagi 6 turdagi ichimliklar tayyorlanadi.
"Coca-Cola 2019 yilning oxirigacha Urganch va Namangandagi zavodlarini modernizatsiya qilishni, shuningdek Toshkentdagi markaziy zavodda yangi liniya o‘rnatishni rejalashtirgan. Rejaga ko‘ra, bu orqali soatiga 48 shisha ichimlik chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi va kunlik ish hajmi 2 barobar ortadi. Texnik jihozlash ishlari bilan Germaniyaning Krones kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunday texnologiyalar hali Markaziy Osiyodagi zavodlarning hech biriga o‘rnatilmagan", deydi manba.
Zavodlarning ish hajmini oshirish ichki bozorda talabning oshgani va tahlilchilarning ijobiy prognozlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. 2015 yilda O‘zbekistondagi zavodlar qo‘shni mamlakatlarga 2,5 mln dollar miqdoridagi mahsulotlarini eksport qilgan.
Kompaniya faqatgina ishlab chiqarish hajmini oshirishni emas, yangi turdagi mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Masalan, sharbat va alyumin idishlarda qadoqlanadigan gazli ichimliklar.
Yangi loyihalarning yo‘lga qo‘yilishi orqali O‘zbekistonda yoz oylarida kuzatiladigan Coca-Cola ichimliklari tanqisligiga barham berishga erishish ko‘zda tutilgan.
Coca-Cola kompaniyasining O‘zbekistondagi birinchi zavodi 1994 yilda Toshkenda ochilgan. Urganch va Namangandagi zavodlar faoliyati 1997 yilda yo‘lga qo‘yilgan.