«Arsenal» jamoasi bosh murabbiyi Arsen Venger APLning navbatdagi turida «Everton»ga qarshi kechadigan safar bahsi oldidan raqiblar hujumchisi 22 yoshli Romelu Lukaku haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Lukaku? Biz unga hali u Belgiyadaligida qiziqish bildirgandik, ammo Romelu o‘shanda «Chelsi»ni tanlagandi.
Lukaku yildan-yilga yaxshiroq bo‘lib bormoqda. Uning darajasi o‘sishiga sheriklari bilan o‘zaro yaxshi tushunish ham muhim o‘rin tutmoqda. Romeluni yorqin faoliyat kutmoqda. Buni u ko‘rsatayotgan natijalar yil sayin yaxshilanib borayotgani ham ko‘rsatib turibdi.
Qachonki Romelu «Chelsi»da bo‘lganida uni sotib olishga urinmadik, chunki u ijaraga berilgandi. Biz Lukakuning londonliklar jamoasi safiga qaytishini kutgandik», — deydi Venger.
Joriy mavsumda Lukaku jamoasi safida 28 o‘yin o‘tkazdi va 18ta gol urib, 6ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Uning o‘tgan yilgi natijasi esa 36ta o‘yinda 10ta gol va 6ta pas bo‘lgandi.