Putin Rossiyada YouTube faoliyati sekinlashgani bilan «shug‘ullanish»ga va’da berdi

Jahon 22:31 / 14.11.2024 3631

Vladimir Putin Rossiyada YouTube videoservisi faoliyati sekinlashganiga bog‘liq muammo bilan shug‘ullanishga va’da berdi. Bu haqda «Rossiya 1» telekanali efirida «Mosfilm» bosh direktori Karen Shaxnazarov ma’lum qildi — u 13 noyabr kuni Kremlda RF prezidenti bilan uchrashgan.

«Menimcha, YouTubeʼning sekinlashuvi bugun maqsadga muvofiq emas, prezident u yerda har xil jirkanchiliklar bo‘lishini aytdi… U tinglab turib, shunday dedi: «Men shug‘ullanaman va ko‘rib chiqaman», — deydi Shaxnazarov uchrashuv tafsilotlari haqida gapirar ekan.

«TASS» bilan suhbatda «Mosfilm» rahbari Putinning yakuniy qarorini bilmasligini qo‘shimcha qildi. «Bizda — bitta ma’lumot, prezidentda bo‘lsa ko‘plab. Shunday ekan, yakuniy qarorni aytmadi. Men o‘z fikrimni bildirdim, u ko‘rib chiqishini aytdi», — deya tushuntiradi Shaxnazarov.

Rossiyada 2024 yil iyuldan beri YouTube faoliyati sekinlashgan. Manbalar bu RF hukumati qarori bilan amalga oshirilayotganini aytmoqda. Shunday bo‘lsa-da, rasmiylar buni rad etib, mas’uliyatni Googleʼga yuklamoqda: ular sekinlashuv Google Global Cache servisi ishidagi nosozliklarga bog‘liq ekanini ta’kidlayapti. Google esa o‘z navbatida kompaniya tomonidan hech qanaqa texnik muammolar yo‘qligini bildirgan.

YouTube Rossiyada rasman taqiqlanmagan 

Rossiya Federatsiyasida YouTube taqiqlangan platformalar reyestriga kiritilmagan va rasman bloklanmagan. 

«Biz bunda hech qanday huquqbuzarlikni ko‘rmayapmiz (sekinlashuvni bartaraf etishga urinishlar), YouTube’dan foydalanishda hech qanday rasmiy cheklovlar yo‘q», degandi «Rosteleset» mintaqaviy operatorlari assotsiatsiyasi rahbari Oleg Grishchenko. 

O‘z navbatida, Moskvaning Birinchi raqamli advokatlar assotsiatsiyasi a’zosi Yekaterina Abashina trafik manipulyatsiyasi operatorlar uchun «xatarlarga ega» va ma’muriy kodeksning «litsenziyadan mahrum qilish» hamda jazolanishga olib kelishi mumkinligi haqida fikr bildirgan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: