Xitoy O‘zbekistonga yodgorlik hadya qildi

O‘zbekiston 13:53 / 17.03.2016 3177

Xitoy O‘zbekiston tarixi muzeyiga terrakota qadimgi Xitoy terrakota jangchisining haykalini sovg‘a qildi.
Terrakota eksponati Buyuk Ipak Yo‘liga bag‘ishlangan ekspozitsiyada namoyish etilgan. Haykalning bo‘yi 187 santimetr, yelka kengligi 49 santimetr, deb xabar beradi “Pravda Vostoka”.

Jangchilarning har bir shakli o‘ziga xos, ular yuz tuzilishi, bo‘yi, kiyimi jihatdan bir-birlaridan farq qiladilar. Chunki haykallarga haqiqiy askar va ofitserlardan andoza olingan. 1987 yili “terrakota armiyasi” YuNeSKOning jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Ma'lumot uchun: Tsin Shixuandi, In Chjyen (mil. av. 259—210) — Tsin saltanati podshosi (mil. av. 246— 221), Xitoy imperatori (mil. av. 221—210). Tsin hukmdorlari xonadoniga mansub bo‘lgan. Xitoydagi oltita podsholikni bosib olib, mil. av. 221 yilda yagona markazlashgan Tsin imperiyasini barpo etgan va o‘zini birinchi Xitoy imperatori — Tsin Shixuandi deb e'lon qilgan. Uning davrida, mil. av. 215-214 y. Buyuk Xitoy devorini ilgari mavjud bo‘lgan chegara istehkomlari bilan yaxlit holga keltirish jarayoni boshlangan.

Tsin Shixuandi qo‘lida qonun chiqarish, oliy ijroiya va sud hokimiyati to‘plangan. O‘z hokimiyatiga nisbatan har qanday tanqidiy munosabatlarga barham berish maqsadida mil. av. 213 yilda xususiy shaxslar qo‘lida saqlanayotgan gumanitar adabiyotlarni yoqish haqida farmon chiqargan. 212 yilda Tsin Shixuandi imperator hokimiyatiga qarshi xalqni ko‘tarmoqchi bo‘lgan 460 nafar konfutsiyshunos arboblarni qatl ettirgan. Tsin Shixuandi davrida zulm kuchaygan, uning vafotidan so‘ng xalq qo‘zg‘olonlari ko‘tarilib Sin imperiyasi barham topgan. Imperator hozirgi Tsian yaqinidagi dafn etilgan yeri bilan shuhrat qozongan; maqbarani 700 ming asir-qul 38 yil davomida barpo etgan.

Tsin Shixuandi o‘limidan so‘ng ham harbiy kuchga tayanish uchun 6 ming jangchisi va otlarning bo‘yi baravar kattalikdagi haykallarini yasashni buyurgan. Tsin Shixuandi vafot etganida barcha haykallar ham u bilan qo‘shib ko‘milgan. 1974 yilda Tsin Shixuandi dafn etilgan joydan jangchilar va otlarning bo‘yi baravar kattalikda ishlangan 8099 ta terrakota haykallari (mil. av. taxminan 210 y.) topilgan. Maqbaraning tashqi devorlari perimetri 6 kilometrga teng.

Ko‘proq yangiliklar: