Venesuela janubida chekkada joylashgan oltin koni yaqinida 17 nafar konchining jasadi aniqlandi. Mahalliy rasmiylar bergan ma'lumotlarga ko‘ra, ularning barchasi boshiga o‘q uzish orqali o‘ldirilgan, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.
Konchilar 4 martda yo‘qolib qolgan. Yaqinlari topilmayotganidan tashvishlangan konchilarning Tumeremo shahridagi oilalari norozilik bildirishgan. Bir necha kundan keyin konchilarning jasadlari umumiy qabrda topilgan.
Hukumat bu jinoyatda mahalliy jinoiy to‘dalar va xorijiy jangarilarni ayblagan. O‘z navbatida, muxolifat bu jinoyatda mahalliy xavfsizlik kuchlarini ayblamoqda.
Hukumat qotillar bilan aloqadorlikda gumon qilib, 4 kishini hibsga oldi. Shuningdek, bu jinoyatning “ilhomlantiruvchisi” deb atalayotgan ekvadorlik erkak qidirilmoqda.