Eron hukumati nafaqat AQShning Facebook, Twitter va YouTube saytlarini, balki Rossiyaning “Yandeks” qidiruv tizimining xalqaro portali yandex,com’ni ham to‘sdi, deb yozmoqda “Kommersant'” nashri.
“Eron tomoni saytda ularning qadriyatlariga javob bermaydigan ma'lumot mavjud, deb hisoblamoqda. Biroq yandex.ru ishlamoqda”, deb aytdi Rossiyaning Erondagi elchixonasi matbuot-attashesi Maksim Suslov.
Suslov Eronda saytlarni to‘sish bo‘yicha qaror qabul qiluvchi maxsus xizmat borligini qo‘shimcha qildi. Suslov ko‘pchilik saytlar, jumladan Rossiya saytlari islom qadriyatlariga javob bermasligini aytdi. Uning aytishicha, “Yandeks”dan tashqari, “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i ham to‘silgan, biroq Eron fuqarolari saytlarga qo‘yilgan to‘siqlarni VPN-serverlar yordamida chetlab o‘tmoqdalar.
Eron hukumatiga yaqin manbaning aytishicha, “Yandeks”ning to‘silishi haqidagi masala Rossiya va Eron aloqa vazirlarining o‘tgan yil oktabrdagi uchrashuvida muhokama qilingan, undan keyin Eronda kompaniyaning idorasi ochilishi rejalari ma'lum qilingandi. Biroq “Yandeks” vakillari bu ma'lumotni inkor qilishgan.