21 martda Apple yangi mahsulotlari anonsiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazmoqchi. Kompaniya bu kuni 4 dyuymli ekranga ega, kichik o‘lchamdagi iPhone SE smartfonini namoyish qilishi kutilmoqda.
GSMArena saytining Tayvan OAVlariga iqtibos keltirgan holda yozishicha, hali e'lon qilinmagan yangi “ayfon”ga Samsung o‘z javobini tayyorlamoqda. Janubiy Koreya kompaniyasiga yaqin manbalarning ta'kidlashicha, yangi Galaxy S7 mini 5,1 dyuymli bo‘ladi.
Yangi smartfon 4,6-dyuymli ekran (720r), Snapdragon 820 yoki Exynos 8890 protsessori, 3 Gbayt tezkor xotira, 12 MPli kamera va 9,9 mm qalinlikdagi korpus bilan jihozlanadi. Shuningdek manbalar 3-karra optik kattalashtirish imkoniyatiga ega “periskopik obektiv” haqida xabar berishmoqda. Biroq gap, ehtimol, alohida sotiluvchi aksessuar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.
Biroq Galaxy S7’ning mini-modeli chiqarilishi haqidagi xabarlarni biroz mubolag‘adek qabul qilish kerak bo‘ladi. Chunki Samsung o‘tgan yili ham “ayfonga” raqobatchi Galaxy S6 Mini chiqarishi kutilgandi, biroq bu yuz bermagan.
Hozirda Galaxy smartfonining kichik o‘lchamdagi eng oxirgi chiqarilgan modeli S5 Mini bo‘lib, u 2014 yilda chiqarilgan. Bu smartfon Galaxy S5’dan dizayni, dasturiy ta'minoti va ichki qismlari bilan deyarli farq qilmaydi. Biroq smartfonning kichikligi uning displeyiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan: 5,1 dyuymdan 4,5 dyuymga kichiklashtirilgan displeyning ko‘rsatish qobiliyati Full HD dan HD formatga tushib ketgan.