IShID o‘z hududining 22 foizini va daromadining 40 foizini yo‘qotgan

Jahon 15:25 / 16.03.2016 914

IShID Suriya va Iroqda keyingi 14 oy davomida o‘z nazorati ostidagi hududlarning taxminan 22 foizini boy bergan. Bu haqda IHS tahlilchilari xabar qilishgan.

Kompaniya tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, IShID bu vaqt mobaynida daromad manbalarining (asosan neft konlari) 40 foizidan ayrilgan. Tahlilchilar IShID endilikda Suriya va Turkiya chegarasi yaqinida o‘z ta'sirini yo‘qotganini bildirishgan.

6 mart kuni AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov telefon muloqoti orqali Suriyadagi tinchlik sulhiga amal qilinayotgani bo‘yicha suhbatlashishgandi.

27 fevral kuni Rossiya va AQSh tashabbusi bilan Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv kuchga kirdi. Hujjat Suriya hududida IShID va BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan boshqa guruhlardan tashqari barcha guruhlarga nisbatan o‘t ochishni to‘xtatishni nazarda tutadi.

IShID 2014 yilning yozidan boshlab Iroq va Suriya hududida katta hududlarni egallab olgan terrorchilik tashkiloti bo‘lib, xalifa tomonidan boshqariladi. 2014 yilning avgustidan AQSh boshchiligidagi 65 davlat koalitsiyasi Iroq hududida jangarilarni bombalashga kirishdi. Bir necha oydan keyin koalitsiya samolyotlari Suriya hududidagi jangarilarni bombalay boshladi. 2015 yilning 30 sentabridan esa Rossiya Suriyada havo amaliyotlar o‘tkazishni boshladi.

Ko‘proq yangiliklar: