2015 yilda O‘zbekistonda 382,4 km avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilindi

O‘zbekiston 10:30 / 16.03.2016 2650

Milliy matbuot markazida “O‘zavtoyo‘l” aksiyadorlik kompaniyasining o‘tgan yil faoliyati va istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzA xabar qilgan.

Anjumanda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov rahnamoligida yo‘l va transport-kommunikatsiya sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar mamlakatimizning jahon bozoriga faol integratsiyalashuvi, hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilash va aholi farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani ta'kidlandi.

"Avtomobil yo‘llari O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mustaqillikning dastlabki yillaridan ishonchli va qulay transport infratuzilmasini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Jahon talablariga javob beradigan yo‘l o‘tkazgichlar, estakada va ko‘priklar qurilmoqda, ko‘chalar ko‘p polosali tezyurar magistrallarga aylantirilmoqda. Buni uzunligi 5,1 kilometrlik yangi Nurafshon ko‘chasi misolida ko‘rish mumkin. Avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va yangi estakadalar qurish orqali texnik darajasini ko‘tarish transport oqimiga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashda alohida ahamiyatga ega.

Prezident Islom Karimovning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasida O‘zbekiston milliy avtomagistralini modernizatsiya qilish ishlarini yakuniga yetkazish masalasi diqqatimiz markazida bo‘lishi zarurligi ta'kidlandi. Buning uchun joriy yilda qariyb 513 kilometr avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan", deyiladi xabarda.

"Ayni paytda mamlakatimiz avtomobil yo‘llarining uzunligi 184 ming kilometrdan ortiqdir. Bu xalqaro standartlarga javob beradigan, davlat ahamiyatiga ega mahalliy shosse va xo‘jalik avtomagistrallari va boshqa yo‘llardir. Umumiy foydalaniladigan 42 ming kilometrdan ortiq yo‘lga kompaniyamiz tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. Kompaniya tarkibidagi xalqaro va davlat ahamiyatidagi yo‘llardan foydalanish bo‘yicha 13 hududiy yo‘l xizmat ko‘rsatish tashkiloti va 7 mintaqaviy ta'mirlash-xizmat ko‘rsatish korxonasi yo‘llarning texnik sozligini saqlash, transport xavfsizligi va harakat uzluksizligini ta'minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda", – deydi «O‘zavtoyo‘l» aksiyadorlik kopaniyasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Nazarov.

O‘tgan yili «O‘zavtoyo‘l» aksiyadorlik kompaniyasi korxona va tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan umumiy foydalanuvda bo‘lgan 382,4 kilometrlik avtomobil yo‘li va uzunligi 1000 metrdan ortiq yo‘l o‘tkazgich hamda ko‘priklar rekonstruksiya qilindi. 2015 yilda 1,4 trillion so‘mlik ish amalga oshirildi. Bu 2014 yil bilan taqqoslaganda 36 foiz ko‘pdir. M-200 markali bosim ostidagi betondan foydalangan holda avtomobil yo‘llari qurish texnologiyasining joriy etilgani tarmoqdagi eng so‘nggi yangiliklardan biri bo‘ldi. Buning samarasida 288,6 tonna yo‘l bitum mahsulotlari tejaldi.

Ayni paytda Qarshi shahrida yangi halqa yo‘li, A-380 avtomobil yo‘li (43 kilometr) va Qarshi – Toshguzar – Qumqo‘rg‘on temir yo‘l kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurilmoqda.

Joriy yilda 176,3 kilometrlik avtomobil yo‘li, 6 yo‘l o‘tkazgich va 10 yangi ko‘prik qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan. Poytaxtimizni Ohangaron shossesi bilan bog‘laydigan “Rohat” aylanma yo‘lida avtomobil oqimi zichligini qisqartirish imkonini beradigan yangi chorraha quriladi.

Jahon banki mablag‘i hisobidan Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida 376 kilometrlik mahalliy ahamiyatdagi avtoyo‘l 200 million dollarga ta'mirlanadi.

Tadbirda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari mamlakat iqtisodiyotini izchil rivojlantirish va xalq farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta'kidlandi. Sohaga chet el investitsiyalarining jalb etilishi avtomobil yo‘llarining sifatini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Ko‘proq yangiliklar: