Milliy jamoada vaziyat qiyinroq. Futbolchilar faqat FIFA kunlarida, rasmiy o‘yindan 1-2 kun oldin to‘planishadi. Bir kun kamida yo‘l uchun bo‘lsa, eng muhim o‘yin oldidan ham nari borsa 1-2 mashg‘ulot o‘tashga vaqt bo‘lishi mumkin. Aynan mana shu faktor bosh murabbiyni imkon qadar uzunroq tarkib bilan ishlashga majbur qilishi kerak. Sababi, u yig‘indan bunisigacha futbolchilarning sport formasida o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Kimdir jarohat oladi, boshqasi zaxirada qolib ketib, o‘yin amaliyotidan chiqib qoladi, kimdir aksincha, faoliyatidagi eng zo‘r davrini boshdan kechirayotgan bo‘ladi. Yana kimdir o‘z klubidan mamlakatiga kelish, keyin masalan, safar o‘yiniga borish chog‘ida betob bo‘lib qolishi ham mumkin. Qisqasi, hammasini nazorat qilib bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, ruhiy holat bor. Masalan, o‘sha davlat pasportiga ega bo‘lgan qaysidir futbolchi birdaniga o‘zini ko‘rsata boshladi. Milliy jamoada klub kabi transfer imkoniyati yo‘qligidan kelib chiqsak, bu zo‘r voqea - yo‘q joydan yangi nomzod paydo bo‘lyapti. Milliy jamoa shtabi darhol reaksiya berishi lozim. Yosh futbolchi birdaniga asosiyga aylanmasa ham, uni kuzatishayotganini, so‘nggi muvaffaqiyatlari beiz ketmayotganini bilishi kerak. Bu ham turtki, yanada yaxshiroq o‘ynashni boshlaydi, milliy jamoadagi qon aylanish uchun juda muhim jarayon.
Xullas, murabbiy oyda bir muhim o‘yinda jamoani olib tushishdan tashqari, mana shunday nozik jarayonlarni ham boshqarishi, diqqatli bo‘lishi kerak, axir u jamoasini almashtira olmaydigan millionlab insonlar uchun ishlayapti, to‘g‘rimi?
Albatta, Eldor Shomurodov bizda yagona. Shukurov kabi markazni boshqaradiganlar yo‘q hisobi. Qaniydi ular doim tayyor va zo‘r formada bo‘lishsa. Lekin yuqorida aytilganidek, buni nazorat qilish qiyin. Shuning uchun milliy jamoada maydonga tushishga tayyor futbolchilar tarkibi imkon qadar keng bo‘lishi shart. Yuzlab futbolchilar bor, to‘g‘ri, ammo jamoaga birdaniga kirishib ketishi, sheriklari bilan til topishishi, muhim o‘yinda hayajonlanmasdan klubda doim qilib yurgan ishini eng yaxshi tarzda qila olishi uchun ham vaqt kerak bo‘ladi. Murabbiy nafaqat mashg‘ulotlar, balkim o‘yinlarda o‘sha vaqtni taqdim etish orqali o‘z tarkibini kuchaytirib boradi. Bu murabbiyning o‘zi uchun kerak, avvalo.
Srechko Katanetsni Superligani kuzatmasligi, u yerda so‘nggi paytlarda o‘zini ko‘rsatayotgan futbolchilarga e’tibor bermasligi ko‘p tanqid qilinadi. Mayli, ularni qo‘ying, Katanets yig‘inlarida doimiy jalb qilinayotgan futbolchilarda ham muammo bormi? Shomurodov va Shukurovni to‘g‘ridan to‘g‘ri almashtirishi mumkin bo‘lgan va muhimi, Katanets taniydigan futbolchilarni ko‘rib chiqamiz.
So‘nggi bir yilda O‘zbekiston milliy jamoasi jami 16 ta o‘yinda maydonga tushdi. Mana shu o‘yinlarda:
Bobur Abduholiqov 5 o‘yinda maydonga tushdi. Jami 67 daqiqa harakat qildi. Bundan 45 daqiqasi kechagi uchrashuvga to‘g‘ri keladi. Birorta o‘yinda ilk daqiqalardan tushmadi. O‘sha 5 o‘yinning uchtasida 1-3 daqiqaga ega bo‘ldi xolos.
Jamshid Iskandarov. 5 o‘yinda maydonga tushdi. Jami 69 daqiqa.
Azizbek Amonov 27 daqiqa o‘ynadi. 3 o‘yinda sinab ko‘rildi.
Akmal Mozgovoy 3 daqiqa o‘ynadi.
Ana endi mana shu jami 166 daqiqalik tajriba bilan biz Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinda so‘nggi besh yildagi eng yetakchi ikki futbolchimizni o‘rnini bosishimiz kerak.
Uchta markaziy himoyachi, ehtiyotkor, qo‘rqoq, durangga rozi bo‘lib o‘ynadi va hokazo, mayli, bu muhim emas. Katanetsning eng noto‘g‘ri ishi shu yerda, nazarimda.
Qahramon Aslanov