Ukraina Oliy radasi 2016 yildayoq Yevropa Ittifoqi bilan vizasiz tartibga erishish uchun barcha narsani qildi, deb hisoblamoqda Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko.
Oliy rada 15 martda 2016 yildan amaldor shaxslar uchun mul-mulk, daromad, xarajat va moliyaviy xarakterdagi majburiyatlar haqidagi elektron deklaratsiyalar haqidagi qonunni qabul qildi. Qonunga ko‘ra, deklaratsiya paytida haqiqatga mos bo‘lmagan ma'lumotni taqdim qilish ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortishga olib kelishi mumkin. Qonun Yevropa Ittifoqi bilan vizasiz tartibni erkinlashtirish bo‘yicha dasturni bajarish doirasida Kiyev qabul qilishi kerak bo‘lgan oxirgi hujjatlar paketi hisoblanadi.
“Men tomondan kiritilgan elektron deklaratsiyalash haqidagi qonun loyihasi qabul qilindi. Uning qabul qilinishiga aloqador bo‘lgan barchaga rahmat! Parlament ukrainaliklar shu yildanoq Yevropaga vizasiz borishlari uchun barcha narsani qildi”, deb yozdi Poroshenko feysbukdagi sahifasida.
Ukrainaning Yevropa Ittifoqi bilan kelishuviga ko‘ra, elektron deklaratsiyalash 2016 yil 1-choragida amalga oshirilishi kerak edi. Kiyev ukrainaliklar uchun viza tartibini erkinlashtirish doirasida shunday majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan. Biroq parlament 2016 yil uchun qabul qilingan davlat byudjyetida deklaratsiyalar kiritilishini 2017 yilga qoldirdi. Bu o‘zgarishlar Yevropa Ittifoqi bilan kelishilmagani sababli Rada elektron deklaratsiyalashni kiritish muddatini 2017 yilga ko‘chirishdan voz kechish haqidagi qonunni qabul qildi. Biroq bu qonunda amaldor shaxs tomonidan o‘z daromadlari haqida haqiqatga mos bo‘lmagan ma'lumotni taqdim qilganlik uchun jinoiy javobgarlik 2017 yilga ko‘chirilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Ukraina prezidenti matbuot xizmati Poroshenko 17 martda Bryusselga tashrif buyurib, Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan Ukraina fuqarolari uchun vizasiz tartibni rasmiylashtirishni yakunlash masalasini muhokama qilishini ma'lum qilgandi.