Toshkent shahar hokimligi Taraqqiyot ko‘chasidan (Toshkent tibbiyot akademiyasi) boshlanib, Toshkent mexanika zavodi orqali Ohangaron yo‘liga qadar davom etuvchi tramvay yo‘li qurilishidan voz kechdi.
1 avgust kuni 13-tramvayning «Toshkent» vokzalidan TTZga qadar davom etuvchi qismi yopilganidan so‘ng, «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi shahar chekkasidagi «Rohat» bekatiga qadar davom etadigan, hozirda foydalanilmayotgan 5 kilometrlik yo‘l bilan bog‘lanuvchi yangi 3 kilometrlik tramvay yo‘li qurilishi rejalarini e'lon qilgandi.
Gazeta.uz nashri xabariga ko‘ra, 11 mart kuni 13-tramvay yo‘nalishi qisqartirilganidan so‘ng Taraqqiyot ko‘chasida ajralib qolgan tramvay yo‘li bo‘lagidagi relslarni olib tashlash ishlari boshlangan.
Tramvay yo‘li qurilishi borasidagi rejalarning o‘zgarishi bo‘yicha rasmiy axborot berilmagan. Demontajda ishtirok etayotgan quruvchilarning so‘zlariga qaraganda, bu yerda gap relslarni yangilash emas, balki aynan olib tashlash haqida bormoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, Ohangaron yo‘liga qadar avtoyo‘l qurish rejasi o‘z kuchida qolgan, shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi atrofida tramvay halqasi quriladi.