Bu yil Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga 376 nomzod da'vogarlik qilmoqda. Bu 2014 yilga nisbatan 100 taga ko‘p demakdir. Ma'lumki, ikki yil muqaddam 278 kishining nomzodi ko‘rsatilgan edi. Bu borada Norvegiya Nobel instituti ma'lum qildi.
Tarqatilgan habarlarga ko‘ra, bu yil 228 kishi va 148 ta tashkilot mazkur mukofotga tavsiya qilingan. Ma'lumki, so‘nggi yillarda nomzod tashkilotlar soni 50 tadan oshmasdi. Endilikda nomzodlarni o‘rganish yetti oy davom etadi. Mukofot sohibining ismi sharifi oktabr oyida ma'lum bo‘ladi. An'anaga ko‘ra nomzodlar ro‘yxati e'lon qilinmaydi. Faqat 50 yildan keyingina, unda ham bo‘lsa Nobel jamg‘armasining qarori bilangina bu boradagi ma'lumot e'lon qilinishi mumkin. Shuningdek tavsiya qilgan tashkilotlar o‘z nomzodlarini oshkor qilishlari mumkin. Biroq tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, so‘nggi vaqtlarda nomzodlarning ismi sharifi u yoki bu sabab bilan ommaviy axborot vositalari e'tiboriga tushib qolmoqda.
Bu yilgi Nobel mukofoti uchun poygada AQSh energetika vaziri Ernest Monis, Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos va Kolumbiya Inqilobiy Qurolli kuchlari rahbari Timoleon Himenes, Gvatemala bosh prokurori Telma Aldana, Kongo Demokratik respublikasidan shifokor Deni Mukvegelarning ishtirok etayotgani ma'lum qilindi.
Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Alfred Nobel nomi bilan ataluvchi mukofotlarning eng nufuzlisi ekani aytiladi. Olimning vasiyatiga ko‘ra bu mukofotga “katta muvaffaqiyatlar qozongan, yoki halqlarni birlashtirishga xizmat qilgan yoki mavjud armiyalar sonini qisqartirgan shaxslar, tinchlik anjumanlarini o‘tkazgan va bunga keng jamoatchilikni jalb qilganlar” sazovor bo‘ladi.
Qolgan mukofotlar singari Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti buyuk olimning vafot etgan sanasi kuni topshiriladi. Ma'lumki, u 1896 yilning 10 dekabrida vafot etgan edi. Nobelning vasiyatiga binoan tinchlik mukofoti boshqa mukofotlar singari Stokgolmda emas, balki Osloda topshiriladi. Vasiyatga ko‘ra, mukofot sohiblari besh kishidan iborat maxsus qo‘mita tomonidan aniqlanadi. Qo‘mita Norvegiya parlamenti tomonidan tasdiqlanadi. An'anaga ko‘ra qo‘mitaga mamlakat siyosatchilari va partiyalarining sobiq rahbarlari a'zo bo‘lib kiradi.
1888 yilda ximik Alfred Nobelning akasi vafot etadi. Biroq jurnalistlar yanglishib, olim vafot etdi degan hayolga borishadi va yolg‘on nekrolog e'lon qilishadi. Ta'ziya matnida, Nobel dinamit ixtiro qilgani bois, jurnalistlar tomonidan “o‘lim savdogari” va “qondan boyigan millioner” sifatida ta'riflanadi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan olim kelajak avlodlar nazdida yomonotliq bo‘lib qolishni istamaydi va 1895 yilda mashhur vasiyatnomasini yozadi. Bu vasiyatnomaga ko‘ra, har yili insoniyatga foyda keltiruvchi kashfiyotlar uchun mukofot ta'sis etish ko‘zda tutiladi. 1900 yilda Stokgolmda Nobel jamg‘armasi tashkil etildi. O‘shanda mukofot jamg‘armasi 31 million shved kronidan iborat edi. Nobel mukofoti 8 millionn shved kronidan iborat. Bu 930 ming AQSh dollari demakdir.
Alfred Bernhard Nobel vasiyatiga ko‘ra, uning daromadlari teng besh qismga bo‘linadi va mukofot sifatida taqsimlanadi. Ma'lumki, har yili oktabr oyi boshlarida Stokgolm (Shvetsiya) va Oslo (Norvegiya)da Nobel haftaligi bo‘lib o‘tib, unda fizika, ximiya, fiziologiya va tibbiyot, adabiyot, iqtisod va tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohiblari aniqlanadi. Mukofotlarni berish 1901 yildan boshlandi. 1968 yilda Shvetsiya Davlat banki o‘zining 300 yillik faoliyati munosabati bilan Alfred Nobel hotirasi uchun iqtisod bo‘yicha mukofot ta'sis qildi. Iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti 1969 yildan beri berib kelinadi. Pul Davlat banki tomonidan ajratiladi. Puldan tashqari mukofot sohiblariga diplom va oltin medal topshiriladi. Medalda Alfred Nobel surati aks etgan. Faqat Tinchlik va iqtisod bo‘yicha beriladigan medaldagi surat salgina farq qiladi. Tinchlik mukofoti Alfred Nobel vasiyatiga ko‘ra, Norvegiya Nobel qo‘mitasi tomonidan beriladi. Nobel bu boradagi qarorini hech qachon ochiq ifodalamagan. An'anaga ko‘ra har bir mukofot uchdan ortiq kishiga berilmaydi. Agar bitta kashfiyot uchun mukofot uch kishiga beriladigan bo‘lsa, u holda mablag‘ uchga bo‘linadi. Mukofot bir kishiga bir marta beriladi. Mukofotdan mahrum qilish aslo mumkin emas. Shunday vaqtlar bo‘lganki, mukofot uchun munosib nomzod topilmagan.
Nomzodlarni taqdim qilish sentabr oyida boshlanib, 31 yanvar kuni yakunolanadi.
Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti (1917, 1944, 1963), BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha Oliy komissarlik boshqarmasi (1954, 1981), BMTning Bolalar Jamg‘armasi (1965), Xalqaro amnistiya tashkiloti (1977), “Yadro urushlarini bartraf etish uchun tinchlik shiforkorlari” harakati (1985), BMTning tinchlikni saqlovchi halqaro kuchlari (1988), “Chegara bilmas shifokorlar” (1999), BMT va uning bosh kotibi Kofi Annan (2001), Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) va uning bosh direktori Muhammad al-Baradei (2005), Yevropa Ittifoqi (2012) va Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (2013) loyiq deb topilgan. 2015 yilda Nobel mukofoti Tunisdagi to‘rtta tashkilotga nasib qildi. Umumiy hisobda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga 103 kishi (jumladan 16 nafar ayol) va 26 ta tashkilot sazovor bo‘lgan. 1901-2015 yillar davomida mukofot 96 marta berilgan. 19 marta (1914-1916, 1918, 1923, 1924, 1928, 1932, 1939-1943, 1948, 1955, 1956, 1966, 1967, 1972 yillarda) munosib nomzod topilmadi.
Sharofiddin To‘laganov