Pokistonning shimoli-g‘arbidagi ko‘mir shaxtasi qulab tushdi. Associated Press agentligi xabariga ko‘ra bir necha kun davom etgan yomg‘irdan keyin ro‘y bergan falokat tufayli 8 kishi halok bo‘lgani tasdiqlangan, shuningdek 4 kishi bedarak ketgan.
Mahalliy ma'muriyat rasmiysi Do‘st Muhammadning aytishicha, O‘razkay viloyatidagi bu shaxtadagi falokatdan keyin 29 konchi qutqarib olingan. Ayni vaqtda hududda kuchli yomg‘ir davom etmoqda.
Boshqa bir mahalliy amaldor Latifur Rahmonning aytishicha, mamlakatning boshqa hududlarida ham kuchli yomg‘irlar yog‘ishi kuzatilmoqda va bu tabiat hodisasi uy hamda devorlarni buzib yuborishi tufayli 2 kun ichida 7 kishi halok bo‘lgan.