Piyodalar xavfsizligi xatarli... mi?

Jamiyat 14:24 / 13.03.2016 3452

So‘nggi yillarda AQShda yuz bergan yo‘l transport hodisalari oqibatida halok bo‘lgan piyodalar soni 10 foizga oshdi. Yo‘l xavfsizligi Uyushmasi tarqatgan xabarlarga qaraganda, 2015 yilning birinchi yarim yilida yo‘llarda yuz bergan falokatlar oqibatida 2 ming 368 nafar piyoda halok bo‘lgan. Bu 2014 yilga nisbatan ancha ko‘pdir. Bir yil muqaddam 2 ming 232 kishi yo‘l transport hodisalarining qurboniga aylangan edi. Bu boradagi statistika 1975 yildan beri olib boriladi. Eng ko‘p yo‘l transport hodisalari Kaliforniya, Florida, Nyu-York va Texas shtatlarida qayd qilinadi. 2014 yilda bu ro‘yxatga Arizona, Delaver, Nevada, Luiziana, Nyu-Meksiko, Janubiy Karolina va Florida shtatlari ham qo‘shilgan.

National Complete Streets Coalition tashkiloti o‘tkazgan tadqiqot natijalariga qaraganda, AQShda har 8 daqiqada bir piyodani mashina urib ketadi. Piyodalar uchun eng xavfli shaharlar mamlakat janubida joylashgan. Tahlilchilarning fikricha, yo‘llar yil sayin haydovchi va yo‘lovchilar uchun xatarli bo‘lib bormoqda. So‘nggi yillarda avtomobillar takomillashib, yo‘llar zamonaviylashib borayotganiga qaramasdan yo‘l transport hodisalari miqdori kamaymayapti.

Kuzatuvchilarning fikricha, so‘ngi yillarda yo‘l transport hodisalari bo‘yicha Rossiya oldingi o‘rinlarga chiqib olgan. Har yili yo‘l transport hodisalari oqibatida har yuz ming rossiyalikning 15-18 nafari halok bo‘ladi. Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQShda bu raqam 2-3 nafarni tashkil qiladi. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, yo‘l transport hodisalari tufayli asosan 15-29 yoshdagilar vafot etadi. 2015 yilda Rossiya yo‘llarida 21 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Piyodalarning halok bo‘lishiga asosan haydovchilar tomonidan avtomobillar tezligining oshirilishi bosh sabab ekani tan olinadi.

Jahon mamlakatlarida kuzatilayotgan yo‘l xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat tahlil qilinar ekan, yaqin yillarda yo‘llarda yuz berishi mumkin bo‘lgan falokatlarning oldini to‘laligicha olinishi mumkin emas, degan qarashlar aytilmoqda. Bu asosiy muammolardan biri bo‘lib qolaveradi.

Masalan, Osiyo, Afrika, Yaqin va O‘rta Sharq, Karib havzasidagi mamlakatlarda yuz beradigan yo‘l transport hodisalari qurbonlarining 40 foizini piyodalar tashkil qiladi. Iqtisodi taraqqiy etgan mamlakatlarda bu raqam 10 foizdan 20 foizgacha iborat. Kuzatuvchilarning fikricha, jahon mamlakatlarida yuz beradigan yo‘l transport hodisalari oqibatida halok bo‘ladiganlarni asosan 3 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi. Yo‘l harakati xavfsizligi borasida rivojlangan mamlakatlarda so‘nggi 30 yilda vaziyat barqarorlashayotgan bir vaqtda qashshoq mamlakatlardagi vaziyat yomonlashmoqda.

O‘tgan asrning 80-yillarida yo‘l transport hodisalari oqibatida jahonda bir yilda 300 mingga yaqin kishi vafot etar edi. 90-yillar so‘ngiga kelib, bu raqam 500 ming nafarga yetdi. Bugungi kunda har yili jahonda kuzatiladigan yo‘l transport hodisalari oqibatida 1 million 200 ming kishi halok bo‘lib, 20 milliondan 50 milliongacha odam jarohat oladi. Ayni damda jahon iqtisodiyoti yo‘l transport hodisalari oqibatida ko‘radigan zarar bir yilda 800 milliard dollarni tashkil qiladi.

Qoloq davlatlarga nisbatan Yevropa mamlakatlarida piyodalar xavfsizligiga katta ahamiyat qaratiladi. BMT qaroriga ko‘ra, 2000 yilda Yevropada Uchinchi yo‘l harakati xavfsizligi halqaro haftaligi o‘tkazildi.

Piyodalarning yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq masala ko‘plab mamlakatlar uchun dolzarbligicha qolmoqda. Bugungi kunda bu muammo barham topmagan. Balki avtomobillar sonining kun sayin ortib borayotgani bois yanada dolzarb tus ola boshladi.

Osiyoda yo‘l transport hodisasi odamlarning o‘limiga bosh sababchi bo‘lmoqda. Avtomobil g‘ildiraklari ostida qolib vafot etish hollari yuqumli kasalliklar oqibatida vafot etish ko‘rinishlarini ortda qoldirdi. Birgina Tailand yo‘llarida halok bo‘layotganlar soni sil va bezgakdan nobud bo‘layotganlar sonidan oshib ketgan.

Tahlilchilarning fikricha, halok bo‘layotganlarning yarmidan ko‘pi, jarohat olganlarning uchdan bir qismi tunda yoki noqulay ob-havo sharoitlarida yuz beradgan yo‘l transport hodisalari hissasiga to‘g‘ri keladi. 2015 yilda Estoniyada yuz bergan yo‘l transport hodisalari oqibatida 67 kishi halok bo‘ldi. Politsiya vakillarining aytishicha, ularning yarmidan ko‘pi xavfsizlik kamaridan foydalanmagan. Umumiy hisobda 1 ming 356 kishi jarohat olgan.

Ma'lumot uchun, ilk bor avtomobil ishtirokidagi hodisa 1896 yilning 30 mayida qayd qilingan edi. O‘sha yili Nyu-Yorkda Henri Uells boshqargan elektromobil Evelin Tomas haydab ketayotgan velosipedga borib urilgan edi.

Sharofiddin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: