AQSh poytaxti Vashington shahri joylashgan Kolumbiya okrugida dastlabki prezidentlik saylovida Florida shtatidan bo‘lgan senator Marko Rubio g‘alaba qozondi.
CBS News xabariga ko‘ra, 12 mart kuni o‘tkazilgan dastlabki saylovda Rubioni 37 foiz, Ogayo shtati gubernatori Jon Keysikni esa 36 foiz kishi qo‘llab-quvvatlagan.
Respublikachilar orasida prezidentlikka da'vogarlik qilayotgan boshqa nomzodlar milliarder Donald Tramp va texaslik senator Ted Kruzning natijasi 14 va 12 foiz bo‘lgan.
Shu kuni Vayoming shtatidagi Respublikachilar partiyasi faollari yig‘ilishlarida (kokus) Ted Kruz g‘alaba qildi. Byulletenlar bo‘yicha yakuniy natijalarga ko‘ra, Kruz 66,3 foiz ovoz to‘plagan. Ikkinchi o‘rinni 19,5 foiz ovoz to‘plagan Florida shtati senatori Marko Rubio, hamda uchinchi o‘rinni 7,2 foiz ovoz to‘plagan milliarder Donald Tramp egalladi. To‘rtinchi o‘rindan joy olgan Ogayo gubernatori Jon Keysik birorta ham ovoz olmagan.
Rubio bundan oldin faqat Minnesotada g‘olib chiqqandi.
Ayni vaqtda Tramp va Rubio respublikachilar orasida prezidentlikka asosiy nomzodlardan biri sifatida qaralmoqda. Tramp uchun 460 delegat, Kruz uchun 369 delegat ovoz bergan. Partiyadan nozod sifatida ko‘rsatilish uchun 2472 delegatdan 1237 nafarining ovozi zarur bo‘ladi. Nomzodni ko‘rsatish haqidagi qaror partiyaning 18-21 iyul kunlarida Klivlend (Ogayo shtati) o‘tadigan milliy s'yezdida qabul qilinadi.
Kolumbiya okrugi Vashington atrofini o‘z ichiga olib federal markaz hisoblanadi. U biror shtat tarkibiga kirmay federal boshqaruv tizimdan tashqarida hisoblanadi. Bu hudud Qo‘shma Shtatlardagi eng kam aholiga (taxminan 600 ming kishi) ega hudud hisoblanadi.
Iyul oyida Demokratlar partiyasi ham milliy s'yezd o‘tkazadi va yakuniy bosqich uchun nomzod ko‘rsatiladi. AQSh prezidentligi uchun saylov 8 noyabr kuniga belgilangan.