Iroq harbiylari mamlakat shimolidagi Kirkuk viloyati hududida 27 nafar jangarini yo‘q qildi. Biroz oldinroq IShID jangarilari bu hududda tinch aholi vakillariga nisbatan kimyoviy qurol qo‘llagandi.
Ma'lum qilinishicha, hafta davomida IShID jangarilari Kirkukdan shimolroqdagi Taza shahriga 2 marta raketa yo‘llagan. Mahalliy rasmiylar ma'lumotiga ko‘ra, bu hujumlar tufayli yuzlab kishilar kimyoviy gazdan zaharlangan va 1 go‘dak halok bo‘lgan. Kimyoviy raketa zarbalaridan keyin hudud aholisi bo‘g‘ilish hamda terining kuyishidan zararlanishgan. 8 kishi Bag‘doddagi shifoxonaga keltirilgan. Jangarilar aynan qaysi nomdagi kimyoviy qurol qo‘llashgani aniqlanmagan.
Iroq Mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, 13 mart kuni jangarilar o‘z raketalarini uchirgan Al-Bashir qishlog‘iga artilleriya zarbalari berilgan. Shuningdek, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya samolyotlari ham bu qishloqni bombalagan. Natijada bu hujumlar 31 nafar jangarining yo‘q qilinishi bilan yakunlangan.