Guus Hiddink: "Everton" futbolchilari butun o‘yin davomida Kostaga bosim o‘tkazishdi

Sport 18:56 / 13.03.2016 1706

"Chelsi" jamoasi bosh murabbiyi Guus Hiddink Angliya Kubogining nimchorak finali doirasida "Everton"ga qarshi kechgan uchrashuvda Diyego Kostaning qizil kartochka olib maydondan chetlatilishi bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi va o‘z shogirdining yonini olib chiqdi. Kosta 84 daqiqada raqib futbolchisi Garet Berri o‘ziga nisbatan qo‘pollik ishlatgach, unga tashlangan, natijada o‘yin hakami Maykl Olliver ikki futbolchiga ham sariq kartochka ko‘rsatgan, Kosta bundan oldinroq ham ogohlantirilgani uchun uning kartochkasi qizilga aylanib, maydonni tark etgandi.

"Hech kimning harakatini muhokama qilmoqchi emasman. Lekin butun o‘yin mobaynida "Everton" futbolchilari Kostaga bosim o‘tkazishdi va hakam buni e'tiborga olishi kerak edi. Hakam Kostani raqib futbolchilaridan himoya qilishi kerak demayman, ammo u qaror chiqarishdan oldin Kostaga ko‘p marta qo‘pollik ishlatilganini hisobga olishi kerak edi. U mayda follarga e'tibor qaratishi va vaziyatni his qilishi kerak edi. Kosta va Berrining to‘qnashuvi tasvirini takroran ko‘rib chiqaman.

Menga Diyegoning o‘yini yoqadi. U hamisha bor kuchini o‘yinga tashlaydi. Bugun u maydonda jang qildi. Albatta unga dam berishni istagandik, ammo bu o‘yin muhim o‘yin edi. "Everton"ga qarshi o‘yinda asosiy tarkib tushirilishi kerak edi", deydi murabbiy.

Ko‘proq yangiliklar: