«Arsenal» jamoasi yarim himoyachisi Aaron Remzi Angliya Kubogi doirasida «Xall Siti» jamoasiga qarshi o‘yin vaqtida «kanonirlar» muxlislari tomonidan jamoa bosh murabbiyi Arsen Vengerni iste'foga chiqishga chaqirilgan banner ko‘tarilganiga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
«Bu haqda bilib qalqib ketdim. Men bannerni ko‘rganim yo‘q, o‘sha payti jarohat olib maydonni tark etgandim va tunnelga tushib ketgandim. Bu haqda jamoadoshlarimdan eshitdim.
Muxlislarimizning bu harakati meni shok holatiga tushirdi. Axir ko‘rib turibmanki, ko‘p jamoalarda bosh murabbiylar ishdan bo‘shatilmoqda. Murabbiylar yomon natijalardan keyin bosim ostida qolib, jamoani o‘nglay olishmagani uchun ketishmoqda. Lekin bizning murabbiyimiz vaziyatni to‘g‘rilay oladi. U chiqish yo‘lini topishiga ishonaman.
Muxlislar asosan turnir jadvalida katta jamoalar emas, «Lester» turganidan xafa bo‘lishmoqda. Barcha ushbu mavsumda qo‘ldan boy berilgan imkoniyatni ko‘rmoqda. Bizning jamoa sovrinni qo‘lga kirita oladigan jamoa. Hozir biz kim raqib bo‘lsa ham uni taslim etish kayfiyatidamiz», — deydi Remzi.