Indoneziyadagi quyosh tutilishini 40 million odam tomosha qildi

Jamiyat 11:43 / 09.03.2016 5593

Bugun, ya'ni 9 mart kuni Indoneziyadagi to‘liq quyosh tutilishini mamlakatning 12 provinsiyasida istiqomat qiluvchi 40 milliondan ortiq odamlar, qolaversa internetda to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatish orqali yer yuzining yana boshqa minglab odamlari tomosha qilishga muvaffaq bo‘ldilar.

90 soniyadan to‘rt minutgacha davom etgan samoviy hodisaga sayyohlar e'tiborini jalb etish uchun mahalliy hokimiyat tomonidan Sumatraning sharqiy tomonidagi Banka va Belitung orollari tanlandi, deb xabar beradi TASS.

Xuddi shu yerda sirli hodisani kutayotgan mehmonlar ko‘nglini ochish uchun suv va quruqlikda rang-barang shou-tomoshalar tashkil etildi. Quyosh tutilishi paytida indoneziyalik qabila vakillari quyoshni tezroq o‘z o‘rniga “qaytarish” uchun maxsus marosim raqsini ijro etishdi. Mahalliy musulmonlar esa ommaviy namoz o‘qishdi.

Belitung oroliga g‘aroyib hodisani o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun shaxsan Indoneyziya prezidenti Joko Vidodo tashrif buyurdi.
Jakarta markaziy istirohat bog‘ida ko‘ngillilar 4 mingdan ziyod maxsus ko‘zoynaklar tarqatishgan.

Quyoshning to‘liq tutilishi 05:16 (Indoneziya mahalliy vaqti bilan 07:16) da Hind okeanining shimoli-sharqiy qismida boshlandi.

Ko‘proq yangiliklar: