Kechagina biz munis va mo‘'tabar ayollarimizning bayramini nishonladik. Bu kunda ijtimoiy tarmoqlardagi barcha surat va izohlar, turli xil tabriklar ham aynan 8 mart – Xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlandi. Shu o‘rinda san'at vakillarining instagram-u, feysbuklari ham ana shunday tabriklar, kim qanday sovg‘alar olgani “ko‘z-ko‘z” qilingan suratlarga to‘lib ketdi. Biroq “Shov-shuv.uz” saytining asoschisi Jasur Hamroyev tomonidan feysbuk tarmog‘iga qo‘yilgan surat qizg‘in baxs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Unda aktyor va rejissyor Farhod Badalovning o‘z volidasi oyoqlarini yuvib, o‘pib qo‘yayotgani tasvirlangan.
«Aktyor, prodyuser va rejissyor Farhod Badalov juda ibratli ishga qo‘l urdi. Respekt! Onani qanchalar sevish va qadrlash mumkin? Bu borada har kimning o‘z javobi bor!», — deya Jasur Hamroyev suratga o‘z fikrini yozib qoldirgan. Kollaj qilib terilgan mazkur fotosurat Jasur Hamroyev sayti nomidek tarmoq foydalanuvchilari orasida katta “shov-shuv”ga aylandi, qoldi.
Qizig‘i shundaki, baxs va tortishuvlar shu darajada avj oldiki, hattoki Badalovning o‘zi ham salbiy fikrlarga qarshi javob yozishga majbur bo‘ldi:
“Hayvonga qanchalar bermagin ta'lim, it bo‘lur, eshak bo‘lur, aslo bo‘lmas odamiy, degan ekan bobomuz Mir Alisher Navoiy. Piarmi, boshqami, qo‘limdan kelibdi, qildim. Bu birinchisi ham emas. Qo‘lingdan kelsa, qillaring. Yoqmasa, indamay o‘tkazvorish mumkin. Shartmi kimligini ko‘rsatish, gap egasini topadi”.
Tohir Yoqubov ismli foydalanuvchining “Sho‘rlik ona...” deb yozgan izohiga esa aktyor shunday javob qaytardi:
“Hoy, aqlli, bular meni jannatim-onam, sandadur sho‘rlik ona. Onamga til tekkizma, agar bu dunyoda ona kimligini bilsang”.
Suratga bildirilgan izohva “nasihatlar” orasida bu ishdan o‘rnak olganlar, ijobiy mulohaza bildirganlar ham topildi.
Gulchehra Rahmatova: “Bu rasmlarni ko‘rib ko‘zlarimdan yosh oqib ketdi. Bu tanish holat.
Bir kun farzandlarimni bog‘cha va maktabga jo‘natib, onaizorimdan xabar olay deb uyimizga borsam, yaqinda Saratov harbiy bilim yurtini bitirib kelgan ukam onamning oyoqlarini tog‘orachada yuvib, tirnoqlarini tozalab turgan ekan.
Men eshikdan kirib, bu hodisani ko‘rib, onaginamning ko‘zlariga boqdim. ONAM juda xursand edilar. Biz qizlar ba'zi vaqt o‘z ro‘zg‘or bola-chaqamiz bilan bo‘lib, ahamiyat bera olmay qolishimiz mumkin. Ammo Jasurga uxshagan sinchkov ugillar doim bor bulsin.
Onaxon Jasurjonga to‘g‘ri mehr berib o‘stirgan ekanlar. Umringiz uzoq bulsin.”
Oybek Jumayev: “Gap bo‘lishi mumkin emas, tasanno!!!”
Nilufer Yusupova: “Hamma onalarga shunday o‘g‘illar nasib etsin”.
Ammo izohlar orasida chidab bo‘lmas darajadagi fikrlar, odatdagidek, “qimmatli” maslahatlar, bir-biriga o‘zining qanchalik zo‘rligini isbotlashga urinayotgan “botirlar”ni ko‘rib, achinishni ham, hayron qolishni ham yoki kulishni ham bilmay qolasiz.
Xalqimizda bir ajoyib maqol bor: “Jannat onalar oyog‘i ostidadir”. Bu maqolni kezi kelsa, og‘zimizni to‘ldirib aytishga jur'at topa olamiz. Nahotki hoki-poyi jannatga qiyoslangan volidamiz oyoqlarini o‘pib, ko‘zga surtish foydalanuvchilar fikri bilan aytganda, birovlar oldidagi manmanlik yoki “hunuk piar”, “jirkanch ish” hisoblansa?!
Nima bo‘lganda ham, mashhur “yulduz” nomiga ega bo‘la turib, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z qomatini barchaga “ko‘z-ko‘z” qilgandan ko‘ra, senga bor mehrini berib, o‘sib-ulg‘aytirgan ota-onasiga hurmatni namoyish etgan afzalroqdir. Faqat bu hurmat suratlarda yoki tilda emas, balki dilda bo‘lsa bas.
Yana kim bilsin, barchaning bu borada o‘z fikri, dunyoqarashi bor.