5 mart kuni Grozniyda o‘tkazilgan himoya jangida WBA kamarini avstraliyalik raqibi Lukas Braunga yutqazib qo‘ygan o‘zbekistonlik bokschi Ruslan Chagayev o‘z instagrami orqali do‘stlari va muxlislaridan uzr so‘radi.
"Muxlislardan va o‘z do‘stlarimdan uzr so‘ramoqchiman. Afsus, sizning ishonchingizni oqlay olmadim. Barchasi Allohning irodasi", deb yozadi Chagayev.
U shuningdek, o‘z homiysi, Checheniston respublikasi rahbari Ramzan Qodirovga alohida murojaat qilgan.
"Men kamarni qaytarib olish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman", degan u.
Eslatib o‘tamiz, 5 mart oqshomida Grozniy shahridagi Sport Xolle Kolizey saroyida katta boks oqshomi o‘tkazildi. 13ta jangning 11tasida "Axmat" sport klubi vakillari g‘alaba qilishdi. "Kichik Tayson" laqabli Visxon Mirzabekov va "Oq Tayson" laqabli Ruslan Chagayev esa o‘z janglarida mag‘lubiyatga uchrashdi.
Mutaxassilar 9 raund davomida Ruslan Chagayev ustunlik qilganini qayd etishgan. 6 raundda u raqibini polga qulatishga ham muvaffaq bo‘lgan. 10 raundda esa Ruslan Chagayev kutilmaganda zarbani o‘tkazib yubordi va nokdaunga uchradi. U o‘rnidan ko‘tarilgan va jangni davom ettirnan bo‘lsada, Braun raqibiga bosim uyushtirgan vaqtda jang referisi Ruslan Chagayevga texnik mag‘lubiyat yozdi.