Floridaning sobiq gubernatori Jyeb Bush Janubiy Karolinadagi praymerizdan so‘ng o‘z prezidentlik kampaniyasini to‘xtatishini ma'lum qildi. Bu haqda CNN telekanali xabar beradi.
Boshlang‘ich saylovlarda Bush 8.1 foiz ovoz olgandi. Avval boshdan u respublikachilar partiyasidan prezidentlikka eng munosib nomzodlardan biri bo‘lib hisoblangan edi. Lekin shtatlardagi boshlang‘ich saylovlarda o‘z partiyaviylari ichida yetakchiga aylana olmadi.
Jyeb Bush Floridaning 43-gubernatori bo‘lgan. U bu lavozimda 1999 yildan 2007 yilgacha ishlagan. Kichik Bush AQShning 41-prezidenti Katta Jorj Bushning ikkinchi o‘g‘li, 43-prezident Jorj Bushning ukasi.
Bush oxirgi ikki hafta ichida prezidentlik poygasida o‘z kampaniyasini to‘xtatgan 4-nomzod hisoblanadi.
Virjiniyaning sobiq gubernatori Jim Gilmor 13 fevral kuni poygadan chiqqani haqida ma'lum qildi. Nyu-Hempshirdagi praymerizda u 133 ovoz, Ayovada esa 12 ovoz oldi.
Undan oldinroq, 11 fevral kuni Nyu-Jyersidan bo‘lgan gubernator Kris Kristi va Hewlett-Packard kompaniyasining sobiq rahbari Karli Fiorina ham kurashni davom ettirmasliklari haqida ma'lum qilishgandi.
AQSh prezidentligi uchun saylovlar shu yilning 8 noyabrida bo‘lib o‘tadi. Respublikachi va Demokratlar partiyasining nomzodlari barcha shtatlarda o‘tkazilgan boshlang‘ich saylovlarda aniqlanadi.