Jizzax viloyati sudi yirik jinoiy to‘da a'zolarini uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum qildi

Jamiyat 09:28 / 21.02.2016 14512

Jizzax viloyatining jinoiy ishlar bo‘yicha sudi 19 fevralda 5 nafar jinoyatchini O‘zbekiston hududida o‘g‘rilik, talon-tarojlik bilan shug‘ullangan va qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishga tayyorgarchilik ko‘rgan diniy ekstremistik guruhni tashkil qilgani uchun turli muddatli qamoq jazolariga mahkum qildi, deb ma'lum qildi sud vakili Sputnik Uzbekistan nashriga.

"Guruhga yetakchilik qilgan 30 yoshli Furqat Jo‘rayev 12 yillik, uning 4 ta sherigi 5,5 yildan 7 yilgacha qamoq jazosiga tortildi. Barcha ayblanuvchilar o‘z aybini to‘liq tan oldi", deb aytdi sud vakili. Uning aytishicha, Jo‘rayev Rossiyada bosqinchilik, nomusga tegish, giyohvand modda tayyorlash va sotish aybi bilan 5 yillik qamoq jazosini o‘tagandan keyin O‘zbekistonga qaytib kelgan.

"Jo‘rayev aybini tan oluvchi ko‘rsatmalar berish davomida Rossiyada bo‘lganda Moskva viloyatida harakat qilgan "GTA bandasi" deb nomlanuvchi jinoiy to‘da a'zolari bilan tanishib qolgan, u shundan keyin "jihod" g‘oyalari asosida O‘zbekistonda shunday to‘dani tashkil qilmoqchi bo‘lgan", deb ma'lum qildi huquq-tartibot muassasalari xodimi. Jo‘rayevdan tashqari, to‘daning Aramis Avakyan, Murodulla Qayumov va Elmir Bekmambetov ismli a'zolari ham 2013 yilda Rossiyada uch yil ishlagach, O‘zbekistonga qaytib kelishgan. Bu kimsalar Rossiyada markaziy osiyoliklar bilan muloqotda bo‘lgandan keyin, ular tomonidan radikal islom tashkilotlarining tashviqotiga jalb qilingan.

Sud yig‘ilishi davomida qoralovchi tomon to‘daning O‘zbekiston hududida reket, bosqinchilik, qo‘poruvchilik va teraktlarga tayyorlanish holatlari va bu to‘da diniy-ekstremistik ko‘rinishdagi guruh ekanligini isbotlashga muvaffaq bo‘ldi.

2014 yilda Moskva viloyatidagi M-4 "Don" trassasida bir qator vahshiy qotilliklar yuz berdi. Rossiya OAVlari bu jinoyatlarni amalga oshirgan jinoiy to‘dani "GTA bandasi" ("GTA" kompyuter o‘yiniga o‘xshash jinoyatlar amalga oshirgani sababli) deb nomlagan. To‘da asosan Markaziy Osiyo vakillaridan tashkil topgan. 2014 yil noyabridagi tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Rossiya huquq-tartibot muassasalari xodimlari to‘daning yetakchisi Ibaydullo Subxanovning joylashgan o‘rnini aniqlashga muvaffaq bo‘lganlar va operatsiya davomida uni yo‘q qilishgan. Shuningdek, to‘daning yana 9 a'zosi qo‘lga olingan. To‘daning qolgan 4 a'zosi qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan va ular xalqaro qidiruvga berilgan. 2015 yil oktabrda ushbu ish bo‘yicha tergov yakunlangan.

Bu jinoiy to‘da Moskva shahri, Moskva va Kaluga viloyatlari hududida 16 ta bosqinchilikni amalga oshirgan, bu jinoyatlar davomida 17 kishini o‘ldirgan, 2 kishi yarador bo‘lgan. To‘da, shuningdek, qurbonlar bo‘lmagan, jabrlanuvchilarni qurol bilan qo‘rqitib, ularni do‘pposlab tunab ketgan boshqa ko‘plab jinoyatlarni ham amalga oshirgan.

Ko‘proq yangiliklar: