Daily Mail: FIFA prezidenti lavozimiga nomzod shayx Salmon ijroiya qo‘mitadagi o‘rin uchun pora bergan

Sport 20:21 / 21.02.2016 3396

Daily Mail nashri o‘z ixtiyoriga tushgan bir maxfiy hujjatga iqtibos keltirgan holda, shayx Salmon Muhammad ibn Xammom bilan FIFA ijroiya qo‘mitasida o‘rin olish uchun kurashganda pora berganligini ma'lum qildi.

Bu haqda birinchi bo‘lib avstraliyalik jurnalist Les Marrey ma'lum qilgan, u o‘sha paytda FIFAning axloq bo‘yicha qo‘mitasi a'zosi bo‘lgan. U qo‘mitaga bu haqda murojaat qilgan, biroq o‘shanda FIFAning bosh kotibi bo‘lgan Jyerom Valke uning bu ishini mas'uliyatsizlik deb atagan. Keyinroq jurnalist qo‘mitaga ayblovchilarning ismi, ular bilan suhbatlar sanasi va vaqtini va boshqa detallarni taqdim qilgan, biroq uning murojaati javobsiz qoldirilgan, deb xabar bermoqda Daily Mail nashri.

Marreyning ta'kidlashicha, shayx Salmon ovoz olish uchun pullarni milliy olimpiya qo‘mitalari orqali bergan bo‘lishi mumkin. Shayxning o‘zi barcha ayblovlarni inkor etmoqda. Uning vakili shayxning aybdorligini isbotlovchi birorta dalil topilmaganini ta'kidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, FIFA prezidenti lavozimiga saylovlar 26 fevralda Tsyurixda bo‘lib o‘tadi. Prezident lavozimi uchun shayx Salmon, UYeFA bosh kotibi Janni Infantino, FIFA bosh kotibining sobiq o‘rinbosari fransuz Jyerom Shampan, Iordaniya shahzodasi Ali ibn Al-Husayn va janubiy afrikalik Tokio Seksvale kurashadilar.

Ko‘proq yangiliklar: