Turkiya janubi-sharqida aksilterror amaliyot o‘tkazish uchun yetib kelgan harbiylar konvoyi ketayotgan yo‘lda portlash yuz berdi. Reyter agentligi xabariga ko‘ra, bu portlash natijasida 7 kishi halok bo‘lgan.
Haberturk manbasi xabariga ko‘ra, Diyorbakir viloyati Lidja shahri hududida qo‘lda tayyorlangan bomba portlatilgan.
Bu hujum kim tomonidan sodir etilganiga aniqlik kiritilmagan.
Turkiya hukumati 2015 yilning dekabrida mamlakat janubi-sharqida komendantlik soati joriy etgandi. Xususan, Diyorbakir viloyatining Sur shahrida, Shirnak viloyatining Siloli va Jizra shaharlarida, shuningdek Mardin viloyatining Dargechite va Nusaybeni shaharlarida favqulodda vaziyat amalda.
Turkiya bosh shtabi ma'lumotiga ko‘ra, dekabr oyida boshlangan aksilterror amaliyotlar chog‘ida 850 nafarga yaqin kurd jangarisi yo‘q qilingan.
Bundan oldinroq, Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li 17 fevral kuni Anqarada sodir etilgan teraktda Suriya kurdlarini, xususan "Demokratik ittifoq" partiyasiga aloqador mudofaa kuchlarini ayblagandi. Suriya kurdlari yetakchisi esa, o‘z navbatida, Anqarada yuz bergan teraktda partiyaning aloqasi yo‘qligini, bu portlashlar IShID jangarilari tomonidan sodir etilganini ta'kidlamoqda.