«Manchester Yunayted» jamoasining sobiq futbolchisi, irlandiyalik Roy Kin «Chelsi»ning belgiyalik yarim himoyachisi Eden Azarning «PSJ»ga o‘tishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
«Men bunday futbolchilarni sira tushuna olmayman. O‘tgan yili u jamoasi bilan shartnomasini 5 yilga uzaytirdi. Biz u ko‘rsatgan ajoyib o‘yinlar guvohi bo‘ldik. U o‘tgan mavsumda jamoasining asosiy futbolchisi bo‘lgandi. Endi esa («Chelsi»ning YeChL nimchorak finalidagi «PSJ»ga qarshi o‘yini oldidan - tahririyat izohi) parijliklardan taklif tushsa, rad qilishi qiyinligini aytib o‘tiribdi.
U taltayib ketgan. Agar men uning jamoadoshlari o‘rnida bo‘lganimda mashg‘ulot vaqtida orqasiga tepib maydonni aylantirib chiqardim. Jamoadagi tajribali futbolchilar uning aqlini kiritib qo‘yishi kerak.
Azar iste'dodli futbolchi. Lekin uning ishga munosabati haqida yaxshi fikr bildirish qiyin. U qorni to‘yib qolgan bolaga o‘xshaydi. Bu shunchaki ko‘rnamaklikdir», – deydi Kin ITV telekanali efirida.