Oliftalar asri: ko‘rinmas poygada hammamiz birdek yuguryapmiz...

Jamiyat 18:34 / 18.02.2016 13601

Bugungi kunda odamlar orasida omad va boyishga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga yuksalib bormoqda. Kimdir kimdirdan ustun kelishga intiladi. Hamma go‘yoki oxirida hech qanday sovg‘a berilmaydigan ko‘rinmas poygada ishtirok etyapti. Barchaga birdek yoqishga harakat qilishadi.

Qo‘yida aytiladigan gaplar juda qattiq tanqidiy gaplar bo‘lishi mumkin, ammo ular sizga dunyoga boshqa ko‘z bilan qarashni o‘rgatadi. Oxir-oqibat ma'lum bo‘ladiki, biz kimgadir nimanidir isbotlashga majbur emasmiz.

Biz oliftalar zamonida yashayapmiz. Gaplarimga qo‘shilishingizni istardim, chunki ular asosli. O‘quvchilar o‘zlariga mutlaqo keraksiz bo‘lgan, masalan, biznesmenlargina ishlatadigan smartfonlarda maktabga borishyapti. Ayrimlar o‘zlariga aslida zarur bo‘lgan narsalar qolib, odamlarning ko‘zicha yaxshi ko‘rinish uchun keraksiz narsalar sotib olmoqda. Qarzga botib to‘y qilishlarniku, gapirmasa ham bo‘ladi... Bularning bari omma oldida, odamlar ko‘z oldidagi o‘yindir, rol ijro qilishdir. Maqsad bitta — odamlardan ortda qolmaslik.

Oliftagarchilik yuqumli hisoblanadi. Balki oliftagarchilik zamonaviy jamiyatda kerakli unsur hisoblanar? Chunki bola maktabga zamonaviy telefon olib bormasa va uning barcha do‘stlari shunaqa telefonga ega bo‘lsa, demak u sinfdagi eng qoloq hamda lapashang bola hisoblanadi. Agar biror bir kishi ishidan ta'tilga chiqsayu, ammo u misol uchun, Turkiya yoki Misrda dam olmasa, uni bechoralikda ayblashadi. Odamlarning nazdida, biznesmenlarning bari ulkan yo‘ltanlamaslarda yurishlari kerak. Bo‘lmasa uni biznesmen deb bo‘ladimi?

Agar zamonaviy kishi moliyaviy jamg‘armasini o‘zini rivojlantirishi uchun emas, balki ko‘z-ko‘zlash uchun sarf etsa, u halokatga uchraydi. Birinchi bo‘lib kredit sirtmog‘iga tushadi. Ikkinchidan, “odamlar nima deb o‘ylaydi?” degan yaramas illatni o‘ziga ilashtirib oladi va bu unga odatga aylanadi. O‘z-o‘ziga baho berishni chetdagilarning unga baho berishi bilan o‘lchashni boshlaydi. Uchinchidan bu fikr ongga yopishib oladi va asosiy maqsadga aylanadi.

Buning oldini olish uchun esa, atrofdagilarning fikridan holi bo‘lish kerak. Agar bu usulni qo‘llab ko‘rsangiz, atrofdagilarning sizga bo‘lgan hurmati pasayishiga emas, balki aks holga kelganligiga guvoh bo‘lasiz. Agar pullaringizni havoga sovursangiz va oliftalar bilan qimmatli vaqtingizni o‘tkazsangiz, bilingki, vaqti kelib ular sizni baribir ayblashini tushunib yetasiz. Bu yo‘l fikrlarni o‘zgartirib yuboradi va omadli insonlar fikriga yaqinlashtiradi. Ha, o‘sha, ko‘pchilik o‘xshashni istagan, ammo o‘xshay olmagan insonlar fikriga.

Haqiqatda olib qaraydigan bo‘lsak, omadli va barcha narsasi yetarli inson o‘zgalar oldida o‘zini ko‘z-ko‘z etmaydi. Shundoq ham uning barcha ishlari joyida bo‘ladi. U qo‘l ostidagi narsalar bilan maqtanmaydi, odamlarni yerga urmaydi va ijtimoiy mavqeyi o‘zidan quyi insonlar ustidan qaror chiqarmaydi. Chunki omadli inson quyiga, o‘zi ildamlab ketgan odamlarga nazar tashlamaydi, aksincha, yuqoriga, kimdan o‘tib ketishga nazar soladi. U rivojlanish va o‘zini ta'minlash maqsadida doimiy ravishda barcha narsadan xabardor bo‘lib boradi.

Oskar Uayldning shunday so‘zlari bor: «O‘zingga o‘xsha, qolgan barcha rollar band qilingan!»

Manba: Xabardor.uz sayti

Ko‘proq yangiliklar: