Mamlakatimiz jamoatchiligi og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi Markaziy kengashi raisi Erkin Jo‘rayevich Boqiboyev 82 yoshida vafot etdi.
E.Boqiboyev 1934 yilda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. 1957 yilda Toshkent moliya-iqtisod institutini (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) tamomlagan. U Xalq bankining Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani bo‘limida iqtisodchi bo‘lib ish boshlagan. Keyinchalik bo‘lim boshqaruvchisi, bankning Sirdaryo viloyati boshqaruvchisi o‘rinbosari, «O‘zagrosanoatbank» boshqaruvi raisi, Markaziy bank raisi, moliya vaziri singari mas'ul lavozimlarda samarali mehnat qilgan. 1999 yildan umrining oxirigacha «Nuroniy» jamg‘armasining Markaziy kengashi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
E.Boqiboyev O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi faxriy unvoni, «Do‘stlik», «El-yurt hurmati», «Mehnat shuhrati» ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Sayt jamoasi marhumning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.