Shu kunlarda Daniyaning Heimdal kompaniyasi mutaxassislari Android qurilmalariga hujum qiluvchi yangi xavfli virus haqida xabar berdi.
U Mazar nomini olgan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, oddiy sms orqali tarqatiladigan bu virus administrator iikoniyatlarini qo‘lga kiritib, pullik qo‘ng‘iroqlar qilishi, sms jo‘natishi, telefon egasining shaxsiy ma'lumotlarini jo‘natishi va qurilma xotirasidagi ma'lumotlarni o‘chirib yuborishi mumkin. Ekspertlar fikriga ko‘ra, Daniyaning o‘zida 100 mingdan ortiq foydalanuvchi virusli smsni qabul qilishgan.
Mazar sms orqali tarqatilib, unda multimediyali xabarga ilova berilgan bo‘ladi. Ilovaga bosilishi bilan Tor brauzerini maxfiy yuklab olish amali bajariladi. Tor orqali esa mobil qurilma xotirasiga virus o‘rnatiladi.
Ekspertlar ta'kidlashicha, virus Android`ning eski (Android 5.0 gacha) versiya operatsion tizimi o‘rnatilgan qurilmalarga xavfli bo‘lishi mumkin. Mazar`dan himoyalanish uchun foydalanuvchilar dasturlarni notanish manbadan o‘rnatishni taqiqlab qo‘ysalar kifoya.
Bundan tashqari, yangi virus asosiy til sifatida rus tili tanlangan telefonlarda ishlamaydi.