Saakashvili Ukrainada oligarxlar to‘ntarishi bo‘lganini aytdi

Jahon 19:18 / 17.02.2016 6255

Ukrainaning Odessa viloyati gubernatori Mixail Saakashvili Ukrainada 16 fevralda oligarxlar to‘ntarishi bo‘lganini aytdi. Gruziyaning sobiq prezidenti bu haqda Facebook’dagi sahifasida yozdi.

"Kecha inqilobdan keyin islohotlar bo‘lmaganda har doim muqarrar yuz beradigan narsa – eski tuzumning restavratsiyasi yuz berdi. Mamlakatda oligarxik to‘ntarish bo‘ldi. Olovrang inqilob muvaffaqiyatsizliklaridan keyin hokimiyat tepasiga Yanukovich kelgandek, kecha Axmetov (Ukrainaning eng boy odamlaridan biri Rinat Axmetov – tahr.) va boshqa oligarxlar hukumatni o‘z ovozlari bilan qoldirib, yana vaziyat ustidan nazoratni o‘z qo‘llariga oldilar", deb aytdi Saakashvili.

Saakashvilining fikricha, "Blok Petra Poroshenko" prezident fraksiyasi "Batkivshchina" fraksiyasi ortidan parlament koalitsiyasini tark etishi kerak. "Fraksiyaning hukumatning iste'foga chiqarilishiga ovoz bergan a'zolari ham koalitsiyadan ketmaydigan bo‘lsa, kechagi oligarxik to‘ntarish uchun rasman javobgarlikni o‘z zimmalariga oladilar", deb ta'kidlab o‘tdi Saakashvili.

17 fevralda Oliy radadagi "Batkivshchina" fraksiyasi hukmron koalitsiyadan chiqishini e'lon qildi. 16 fevralda parlament Arseniy Yatsenyuk boshchiligidagi hukumatga ishonch bildirmaslik rezolyutsiyasini qabul qila olmadi. Ishonch bildirmaslikni minimal 226 nafar talab qilingan ovozda 194 deputat qo‘llab-quvvatladi.

Avvalroq shu kuni Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko "hokimiyatga ishonchni tiklash uchun" Yatsenyukni iste'foga ketishga chaqirgandi.

15 fevralda Mixail Saakashvili Arseniy Yatsenyuk faqatgina ikki oligarx – Rinat Axmetov va Igor Kolomoyskiy qo‘llab-quvvatlashi evazigina o‘z lavozimida qolishi mumkinligini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: