Toshkent viloyati IIB tergov-tezkor guruhining kichik inspektor-kinologi, safdor Ruslan Xontoyev o‘z xizmat iti bilan Zangiota tumanida sodir bo‘lgan jinoyatni fosh qildi. Bu haqda “Postda” nashri xabar berdi.
Gazetada bayon qilinishicha, yaqinda Toshkent shahriga tomon “Matiz” avtomashinasida yo‘lga chiqqan yangiyo‘llik fuqaroni ikki nafar yigit to‘xtatib, Sergeli tumaniga olib borib qo‘yishini iltimos qilishadi. Zangiota tumanidan o‘tib ketishayotgan chog‘da haydovchiga mashinina to‘xtatib turishini so‘rashadi va kutilmaganda haligi ikki yigit haydovchiga tashlanishadi. Hujumdan o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan haydovchi esa chaqqonlik bilan avtomobildan tushib, qochishga ulguradi. Va zudlik bilan bu haqida huquqni muhofaza qilish organlariga xabar beradi.
Voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan Toshkent viloyati IIB tergov-tezkor guruhi, qorong‘u bo‘lishiga qaramay, darhol tekshiruvga kirishadi. Is olgan xizmat iti ichki ishlar xodimlarini voqea joyidan bir necha yuz metrlar narida jarohatlanib, ingrab yotgan odamning oldiga olib boradi. Kasalxonada o‘ziga kelgan bemor, o‘z aybini tan olgan va bosqinchilikda ishtirok etgan jinoiy sheriga haqida ham ma'lumot bergan.
Aniqlanishicha, jinoyatchilar avtomobilni qorong‘uda boshqara olmagani sababli, mashina bilan yo‘l chetidagi Zolariq kanaliga ag‘darilishgan. Bosqinchilardan biri shu jarayonda jarohat olgan.